World Prison Brief qamoqxonalardagi mahkumlar soni bo‘yicha mamlakatlar reytingi e’lon qildi.

Mazkur reytingda O‘zbekiston qamoqxonadagi fuqarolar soni bo‘yicha 62-o‘rinda. Reytingga ko‘ra, qamoqxonalarda 22 867 nafar o‘zbekistonlik mavjud.

Shuningdek, xorijlik ekspertlar turli mamlakatlarda har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan mahkumlar sonini ham hisoblashdi. Ushbu reytingda O‘zbekiston 223 davlat orasida 179-o‘rinni egallagan. Mamlakatda har 100 ming kishiga 68 nafar mahkum to‘g‘ri keladi.

Osiyo mamlakatlari reytingida O‘zbekiston 31 davlat ichida 27-o‘ringa loyiq ko‘rilgan. Dastlabki uch o‘rinni Turkmaniston (100 ming kishiga 576 mahkum), Tailand (445) va Maldiv (333) egallagan.

Reytingda 1-o‘rinni AQSh qo‘lga kiritgan. Qamoqxonalarda jami 2 mln 68 ming 800 nafar amerikalik mavjud. Shuningdek, AQShda har 100 ming kishining 629 nafari mahkum hisoblanadi.

Hududida biror mahkum bo‘lmagan San-Marino esa 223-o‘rinni egallagan.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistonda diniy va siyosiy sabablarga ko‘ra sudlangan 2000 nafardan ziyod mahbus borligi haqida yozgan edi. AQShning Diniy erkinliklar bo‘yicha xalqaro komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu sobiq ittifoq respublikalaridagi barcha diniy mahbuslar yig‘indisidan ko‘ra ko‘proq va dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Komissiya O‘zbekiston yutuqlarini qayd etdi, lekin ushbu soha jiddiy islohotga muhtoj deb hisoblaydi.