Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston prezidenti saylovini 969 nafar xalqaro kuzatuvchi kuzatib bormoqda. Ulardan 629 nafari xalqaro tashkilotlar, 340 nafari xorijiy davlatlardan.

Buyuk britaniyalik kuzatuvchi Vais Kays tushda 113-saylov uchastkasiga tashrif buyurdi. U hududlardagi saylov jarayonlari bilan yaqindan tanishish uchun jami 6−7 ta uchastkaga, jumladan, Toshkent viloyatiga ham borish istagida ekanligini ta’kidladi.

Saylov uchastkasi rahbari Anjelina Velichko kuzatuvchiga fuqarolarni prezident saylovi haqida xabardor qilish, taklifnomalar yuborish va boshqa savollarga javob berish jarayoni qanday tashkil etilgani haqida so‘zlab berdi.

«Meni ularda saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi bormi, u qanday ishlaydi, shuningdek, ovoz berish jarayoni qanday ketayotgani qiziqtirdi. Saylov uchastkasi rahbari har tomonlama javob berdi», — dedi Vais Kays.

Vais Kays saylov uchastkasi rahbaridan tizimli bo‘shliqlar haqida ham so‘radi. Anjelina Velichko Saylov kodeksining qabul qilinishi barcha bo‘shliqlarni yopdi, deb javob berdi.

«Yaqin kunlarda ushbu saylovlar, fuqarolarning faolligi va nomzodlar o‘rtasidagi raqobatni baholashim kerak bo‘ladi. Lekin shaxsan men bu saylovni demokratiya sari ijobiy qadam deb bilaman. Juda muhim va asosiy tuzilma allaqachon siyosiy tizimga ishonib topshirilgan, lekin hali hammasi oldinda. Jarayon rivojlanadi, shaffoflik nuqtai nazaridan yaxshilanadi. Balki va umid qilamanki, keyingi saylovlarga qadar sizda onlayn ovoz berish tizimi mavjud bo‘lib, saylovchilar saylov uchastkasiga kelmasligi va ular dunyoning istalgan nuqtasidan, istalgan joydan ovoz berishlari mumkin bo‘ladi», — dedi Kris Vais «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Britaniyalik kuzatuvchi, shuningdek, fuqarolar pochta orqali ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishiga, ovoz berish uchun taklifnomalar esa saylov komissiyasi a’zolari emas, pochtachilar tomonidan yetkazilishiga umid bildirdi. Kuzatuvchiga ko‘ra, elektron pochta orqali xabardor qilish va onlayn ovoz berishning ko‘plab afzalliklari bor, jumladan, saylov xarajatlarini kamaytirish va samaradorligini oshirish mumkin.

«E’tiborlisi, tizim qancha odamni qamrab oladi, axir biz 35 million haqida gapiryapmiz. Balki, 60 foiz aholi, axir sizlarda 18 yoshdan kichiklar juda ko‘p. Bu davlat saylovlarga juda katta kuch sarflaydi, degani. [Saylov komissiyasi a’zolari] 13−16 millionta xatni yetkazib berishi kerak! Biroq agar onlayn platforma bo‘lsa, saylovchi shunchaki saytga kiradi va ovoz beradi, bu barchasini osonlashtiradi», — dedi va onlayn ovoz berish fuqarolarni yanada faol bo‘lishga rag‘batlantirishi mumkinligini qo‘shimcha qilib o‘tdi u.