O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari benzin narxi keskin oshgani haqida xabar berishdi. Ai-91 narxi 9400 so‘mga, Ai-92 — 9100 so‘mgacha, Ai-95 — 11200 so‘mga ko‘tarilgani haqida ma’lumotlar bor edi.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi benzin ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. 2021 yilning to‘qqiz oyida 562,4 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 654,9 ming tonna ishlab chiqarildi yoki prognozga nisbatan 116,4 foizni tashkil etdi (o‘sish sur’ati 105,6 foiz).

Eng ko‘p ishlab chiqarilgan benzin — 524,6 ming tonna Ai-80, shuningdek, 81,1 ming tonna Ai-91, 43,9 ming tonna Ai-92, 5 ming tonna Ai-95, 300 kg Ai-98 rusumli avtobenzin ishlab chiqarildi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan tashqari birja auksionlarida 10 dan ortiq sotuvchi benzin taklif qilmoqda, respublikada 2600 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari (shundan 65 tasiga «O‘zbekneftgaz» tarkibiga kiruvchi UNG Petro kompaniyasiga egalik qiladi) faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida, „O‘zbekneftgaz“ AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzinning asosiy qismi, ya’ni 80,1 foizi „Ai-80“ markali avtobenzin hisoblanadi. Jahonda neft kotirovkasi yil boshiga nisbatan 1,7 barobarga oshishiga qaramasdan „O‘zbekneftgaz“ AJ „Ai-80“ avtobenzin narxini ichki bozorga katta hajmda realizatsiya (intervensiya) qilinishi hisobiga bir maromda ushlab turishga erishilmoqda», — deyiladi xabarda.

UNG Retro AYOQSHlarida 1 litr asosiy ishlab chiqariladigan Ai-80 avtobenzini 5900 so‘m chakana narxda (Toshkent sh.) sotilmoqda yoki yil boshiga nisbatan 1,15 barobarga oshdi, deya qayd etdi kompaniya.

Ai-91, Ai-92, Ai-95 markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xomashyosidan ishlab chiqariladi yoki tayyor holda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib jaxon kotirovkalariga bog‘langan holda import qilinadi. «Shuning uchun mazkur turdagi avtobenzin narxlari nisbatan yuqoriroq», — deya ma’lum qildi «O‘zbekneftgaz».

oktabr oyida O‘zbekistonda yil boshidan beri benzin narxi 28,2 foizga oshgani xabar qilingan edi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari asosan Ai-91 narxi 8100 so‘mgacha oshgani haqida izohlar qoldirishmoqda. Energetika vazirligi Ai-80 narxi ichki bozordagi intervensiya hisobiga ushlab turilganini, Ai-91, Ai-92, Ai-95 narxi esa jahon neft bozoriga bog‘liq ekanligini ma’lum qildi.

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, respublikada jami 729,4 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 5,1% ga oshgan. 2021 yilning 8 oyida O‘zbekistonga qiymati 100 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 281,6 mln litr avtomobil benzinini import qilingan. Avtomobil benzini importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 barobarga oshgan.

O‘zbekistonga yoqilg‘i asosan Rossiya (139 million litr), Turkmaniston (121 million), Qozog‘iston (16 million) va Iroqdan (3,6 million) import qilinadi.