Ayollar, tinchlik va xavfsizlik global indeksda (WPS Index) O‘zbekiston 74-o‘rinni egalladi. Jami indeksda dunyoning 170 ta mamlakatidagi ayollarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plangan.

Indeks natijalariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda ayollarning maktabda ta’lim olganligining o‘rtacha davomiyligi 11,6 yilni tashkil etgan. 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich 11,2 bo‘lganligi qayd etilgan.

WPS Index`ga asosan, O‘zbekistonda ayollarning ish bilan bandliligi — 48,7 foizni, mobil telefondan foydalanishi — 76,5 foizni tashkil etgan (2017 yilda 76,8%).

Reytingda qayd etilishicha, O‘zbekistonda ayollarning moliyaviy inklyuziyasi 2017 yilga nisbatan 8,4 foizga pasayib, 36 foizni tashkil etgan. 2017 yilga nisbatan parlamentdagi ayollar ulushi 16,4 foizdan 28,7 foizgacha oshgan.

Diskriminatsion normalar 32 foizni tashkil etadi. Ayollarga nisbatan huquqiy diskriminatsiyaning yo‘qligi 2017 yilga nisbatan 9,6 ballga ko‘tarilib, 70,6 ballni tashkil etdi.

Ayollarning jamoat xavfsizligini qabul etish ko‘rsatkichi ham shu vaqt ichida 90,3 foizdan 85,7 foizgacha pasaygan.

WPS Index`ga ko‘ra, ayollarning amaldagi jinsiy sherigi tomonidan zo‘ravonlikka uchrash ko‘rsatkichi 2021 yilda 7,3 foizni tashkil qilgan.