Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvidagi Markaziy Osiyo uchun Ekologik qayta tiklash hisobi O‘zbekistonda ish boshlaydi, deb «Gazeta.uz»ga xabar berdi YeTTB matbuot xizmati.

Ekologik qayta tiklash hisobi 2015 yilda Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan. U sobiq Sovet Ittifoqidan Markaziy Osiyoga meros bo‘lib qolgan uran muammolari bilan shug‘ullanadi. YeI Ekologik qayta tiklash hisobining eng yirik donorlaridan biri hisoblanadi, o‘z hissasini shuningdek, Belgiya, Litva, Norvegiya, Ispaniya, Shveysariya va AQSh qo‘shgan.

2 mln yevro miqdoridagi grant yangi tashkil etilgan Loyihalarni boshqarish guruhi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi, guruh esa Toshkentdan sharqda joylashgan tog‘lardagi Yangiobod va Chorkesar obyektlarida avval uran qazib olingan maydonlarni ekologik qayta tiklash (tuproq, suv yoki havoning dastlabki ko‘rsatkichlarini tiklash) bilan shug‘ullanadi.

Grant shartnomasi 22 oktabr kuni YeTTB yadro xavfsizligi departamenti direktori Baltazar Lindauer hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov ishtirok etgan qo‘shma marosimda imzolangan. Marosim Markaziy Osiyoda uran merosining muammolarini hal etish bo‘yicha yangilangan Strategik bosh-reja tasdiqlangach bo‘lib o‘tgan.

Loyihalarni boshqarish guruhining ilk qadami sifatida ko‘rsatilgan ikki obyektda remediatsiya ishlari uchun zarur tender hujjatlarini tayyorlash ishlarini boshlash mumkin. Hududda amaldagi harakatlar 2022 yilning uchinchi choragidan boshlanishi kutilmoqda va ularni yakunlash uchun taxminan ikki yil vaqt ketadi.

Yangiobod obyekti dengiz sathidan 1300 m balandlikda, seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududda va Toshkentdan 70 km uzoq masofada joylashgan bo‘lib, qariyb 40 yil davomida uran qazib olish maydoni bo‘lgan. U 50 km kvadrat maydonda 2,6 mln kubometr radioaktiv chiqindilarni jamlagan. Ekologiyani qaytash tiklash bo‘yicha obyektda amalga oshirish rejalashtirilgan ishlar — to‘rtta shaxtani yopish, ifloslangan binolarni va sobiq qayta ishlash inshootlarini buzish, bir nechta bo‘sh jinslarning qoldiqlarini markaziy chiqindi hududiga o‘tkazish va boshqa tegishli tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Chorkesar qishlog‘i Toshkentdan 140 km uzoqlikda Sharqdagi tog‘larda joylashgan va 1995 yilgacha uran qazib olish hududi bo‘lgan, u yerda hanuz 3500 nafar atrofida aholi istiqomat qiladi. Ushbu muassasada rejalashtirilgan ekologiyani qayta tiklash ishlari — ikkita shaxtani yopish va tashlandiq binolarni buzishdan iborat.

Strategik bosh-reja 2021 yilning sentabrida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, MAGATE, Yevropa Ittifoqi va Rossiya atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi («Rosatom») tomonidan qabul qilingan. U ustuvor obyektlarda yadroviy remediatsiya bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi.