21 oktabr kuni Xalqaro media xolda «Aholining ijtimoiy muhofazasi: dolzarb masalalar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayev aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash masalalari to‘g‘risida fikr bildirdi.

«Bu yil yozda koronavirus yana kuchayganda biz bundan ancha yengil o‘tdik. Chunki tayyorgarligimiz juda ham shay holatga keltirilgan edi. Bir narsani O‘zbekiston xalqi, fuqarolari tushunib yetdiki, bu balo hali tez ketadigan muammo emas», — deydi u.

Behzod Musayevning so‘zlariga ko‘ra, «koronavirusni yengishning birdan-bir yo‘li aholini ommaviy vaksina bilan emlash».

«Shu nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsa barcha dunyoda eng yaxshi chiqqan, JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalarning barcha turi O‘zbekiston hududiga yetkazib kelindi. Hozir qaysi bir oilaviy vaksinaga chiqilsa fuqarolar bemalol vaksinani tanlab olish huquqiga ega. Hozir aholining yosh nuqtayi nazaridan 18 yosh va undan yuqori qatlamni vaksinalashga to‘g‘ri kelsa, 35 mln aholimizdan 21 mlni vaksina olish kerak», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Bosh vazir o‘rinbosari «O‘zbekiston jahondagi ilg‘or mamlakatlar qatorida vaksinalash jarayoni bo‘yicha juda yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan mamlakat hisoblanib kelayotganligini» qayd etdi.

«Buning tagida juda katta mehnat bor. Sog‘liqni salash, SES xodimlarining juda katta mashaqqatli mehnati. 3600 dan ortiq emlash punktlari respublika bo‘yicha shakllantirildi. Barchasini vaksinaning sifati, harorati ta’minlanishi uchun kerakli bo‘lgan sovutkich jihozlar, yo‘l jarayonida olib keladigan sovutlovchi mashinalar hammasi keltirildi», — deydi u.

Behzod Musayevning ta’kidlashicha, «O‘zbekistonda vaksinalashga yoshi to‘g‘ri keladigan aholining 60 foizdan yuqorisi emlashga erishildi».

«Yil yakunigacha biz bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazmoqchimiz. Jahonda bir statistika bor: agarda aholining 70 foizgacha qatlami to‘liq emlangan bo‘lsa, bu koronavirusga qarshi ommaviy immunitet shakllangan bo‘ladi, deb aytiladi. Biz O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkichni 80 foizdan yuqoriga erishishini ta’minlaymiz», — deya qo‘shimcha qiladi bosh vazir o‘rinbosari.

21 oktabr SSV e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda jami 24 mln 710 ming 357 doza vaksinadan foydalanildi. 1 bosqichda emlangan fuqarolar soni 13 mln 81 ming 265 kishini yoki emlanishi rejalashtirilgan aholining 62,29%ni tashkil etadi. 2 bosqichda emlanganlar 7 mln 849 ming 760 kishi (37,38%) bo‘lsa, 3 bosqichda emlanganlar 3 mln 779 ming 332 kishini tashkil qildi (18%).

18 oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlangan fuqarolar soni 5 mln 789 ming 691 kishini tashkil qilayotgan edi. Bu emlanishi rejalashtirilgan aholining 27,57%ni tashkil qiladi.

Ma’lumot uchun, 20 oktabrga qadar Isroilda 61,20%, AQShda 56,88%, Turkiyada 55,78%, Buyuk Britaniyada 66,47%, Rossiyada 32,47%, Qozog‘istonda 37,77% aholi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

O‘tgan yilning noyabr oyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov 2021 yilning iyungacha mamlakat aholisining 60 foizigachasini emlash rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq, 1 noyabrgacha O‘zbekiston aholisining 70 foizini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.