O‘zbekiston hukumati ayni vaqtda KXSHTga qaytish zaruriyatini ko‘rmayapti, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda aniq terrorchilik tahdidlarini aks ettirishni muhim vazifa deb hisoblamoqda, deya xabar qildi RIA Novosti O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning payshanba kuni rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusiga tayanib.

«Bugungi kunda, masalan, qandaydir polklar, armiyalar, diviziyalar Markaziy Osiyoga, O‘zbekistonga qarshi qandaydir frontal bostirib kiradi, degan taxmin bilan O‘zbekistonning KXSHTga qaytishi zaruriyatini ko‘rmayapmiz», — dedi Kamilov mamlakatning KXSHTga qaytishi haqidagi savolga javob berar ekan.

Vazir, o‘z navbatida, Afg‘onistonda faoliyatini davom ettirayotgan ID, Al-Qoida, «Xuroson» singari terroristik tashkilotlarning tahdid va hujumlari ehtimolini istisno qilmadi. «Shuning uchun bugun biz vazifani hatto yanada dolzabroq ko‘rmoqdamiz, bu qandaydir katta urushga tayyorgarlik emas, KXSHT esa, bu — juda katta salohiyatga ega, terrorizm tahdidining aniq chaqiriqlarini o‘z vaqtida aks ettiradigan tashkilot», — dedi Kamilov.

Vazir sentabr oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan SHHT va KXSHT qo‘shma majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistondagi vaziyat eskalatsiyasi ortidan ushbu ikki birlashmaga a’zo davlatlar maxsus xizmatlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish tarafdori ekanini ta’kidlaganini eslatib o‘tdi. «O‘z vaqtida ma’lumot olish, ogohlantirish va chek qo‘yish. Bu bizning vazifamiz bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni davlatlar bilan faol o‘zaro munosabatlar mavjud», — dedi Kamilov.

«Biroq hodisalar, vaziyatning qanday rivojlanishini Xudo biladi. Hamkorlik shakllari ham o‘zgarishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi Kamilov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2012 yilning dekabrida KXSHTdagi ishtirokini to‘xtatgan. Hozirda tashkilotga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a’zo.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida toliblar Afg‘oniston hukumat qo‘shinlariga qarshi hujumni kuchaytirdi, 15 avgustda Kobulga kirib keldi va ertasi kuni urush tugaganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSh harbiylari himoyasi ostida bo‘lgan Kobul aeroportidan G‘arb davlatlari fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi. 31 avgustga o‘tar kechasi amerikalik harbiylar Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik harbiy ishtirokini to‘xtatib, Kobul aeroportini tark etdi. sentabr oyi boshida Afg‘onistonning birinchi «Tolibon» hukmronligi davrida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va 2001 yildan beri BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan Muhammad Hasan Oxund boshchiligidagi muvaqqat hukumat tarkibi e’lon qilindi.