Tashqi ishlar vaziri Ablulaziz Kamilov O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar hozirda rivojlanishning eng yuqori cho‘qqisida ekanligini ta’kidladi. Bu haqda u payshanba kuni Rossiya OAVlari uchun matbuot anjumanida gapirdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«Bugun O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘z rivojlanishining eng yuqori cho‘qqisida. 30 yil davomida bizda bunday keng ko‘lamli o‘zaro munosabatlar va ikki tomonlama hamkorlikning bunday keng qamrovli dasturi bo‘lmagan», — dedi Kamilov.

Uning ta’kidlashicha, bu amalda barcha sohalarni — siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ijtimoiy sohalar, xavfsizlik va xalqaro maydonda o‘zaro aloqalarni o‘z ichiga oladi. «Munosabatlar, ittifoqdoshlik va strategik sheriklik, ular haqiqatan ham shunday jiddiy mazmunda to‘planib boradi», — dedi vazir.

«Ammo, shu bilan birga, hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Zaxiralar. Bu biz hali oldinga harakatlanishimiz uchun imkon borligini anglatadi, munosabatlarimizni mustahkamlaymiz. Bu yoqimli», — deya qo‘shimcha qildi Kamilov.

TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining noyabr oyida Rossiya Federatsiyasiga rejalashtirilgan tashrifi uchun juda katta hujjatlar to‘plami tayyorlangan. «Ayniqsa iqtisodiy, gumanitar xarakterga ega [hujjatlar — tahr.] va mintaqalararo forumni o‘tkazish rejalashtirilgan. Hozirda pandemiya holatini inobatga olgan holda, ko‘plab tadbirlar videokonferensloqa ko‘rinishida bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, biz qo‘yilgan vazifalarni hal qilishga harakat qilamiz», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo sohasida ham katta hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan. «Bugungi kunda Rossiya bilan savdo aloqalari ancha jadal rivojlanmoqda, o‘zaro savdo 5 mlrd dollardan oshgan va bundan keyin ham o‘stirishda davom etamiz» — dedi vazir.

«Ilmiy-texnikaviy, harbiy-texnikaviy hamkorlik sohasida kelishuvlarga erishilgandan so‘ng ulkan imkoniyatlar ochiladi. Ushbu barcha kelishuvlarning amalga oshirilishi nafaqat yangi sahifani, balki O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining o‘ta jiddiy bosqichini ochadi», — deya qo‘shimcha qildi Kamilov.

Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, O‘zbekistonda rus tili millatlararo muloqot tili bo‘lib qolayotganini, Toshkentda ham Rossiyada o‘zbek tiliga qiziqish borligi haqida qo‘shimcha qildi.

«MDH forumida Vladimir Vladimirovich [Putin] rus tilining millatlararo muloqot tili sifatida ahamiyati haqida gapirdi. Biz O‘zbekistonda bu haqda doim gaplashganmiz», — dedi Abdulaziz Kamilov.

O‘zbekiston TIV rahbari so‘nggi paytlarda tomonlar madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro munosabatlarga katta e’tibor bera boshlaganini ta’kidladi. Vazirning eslatib o‘tishiga ko‘ra, Rossiya universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari soni 15 taga yetdi, rus tilini o‘rganish markazlari tashkil etilmoqda, Rossiyadan ijodiy jamoalar muntazam ravishda Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlariga gastrol safarlari bilan tashrif buyurishmoqda.

«Bu sohadagi o‘zaro hamkorlik juda qulay zamin, boshqa barcha sohalardagi hamkorlik uchun muhit yaratadi», — dedi TIV rahbari. U ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi qabul qilinganini eslatdi. «Biz buni amalga oshirmoqdamiz va amalga oshirishda davom etamiz», — deya qo‘shimcha qildi Abdulaziz Kamilov.