Senatning yigirmanchi yalpi majlisida senatorlar «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunning ba’zi normalarini qayta ko‘rib chiqish kerak deb hisoblab, uni qaytargan edi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov senatorlarning qonunni qabul qilishga qarshi bildirgan har bir argumentini rad etib, ayrim siyosatchilar «xalqdan kelib chiqayotgan yangi g‘oyalarni tushunmasligini» ta’kidlagandi. Oqibatda Senat raisi uzoq davom etgan debatga aralashishga va tomonlarni tinchlantirishga majbur bo‘lgandi.

Imkoniyati cheklangan shaxslar nomidan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi K.Abdullayev, Karlar jamiyati raisi G. Shodiyeva va Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi o‘rinbosari A.Abdullayev Oliy Majlis Senatiga murojaat bilan chiqdi. Murojaat nusxasi «Gazeta.uz»da mavjud.

Unda ta’kidlanishicha, senatorlar qonunni rad etgani nafaqat «bizning jamiyat, balki biz kabi boshqalar bilan erkin raqobatlasha olmaydigan imkoniyati tabiatan cheklangan shaxslar uchun juda kutilmagan holat bo‘ldi».

«Qonun ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilganligi uchun biz qonun qabul qilinishini bir necha yillardan beri kutayotgandik. Chunki mazkur qonun imkoniyati cheklangan shaxslarga katta maydonda o‘zimizni ko‘rsatishga, o‘zimizning imkoniyatimizni to‘la namoyon etishga, munosib ish haqi olishga, shu jumladan, ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan korxonalarning iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilashga, ishini faollashtirishga, ishlab chiqarish hajmlarini va ishchilarimiz sonini oshirishga yordam beradi, deb o‘ylagandik», — deyiladi unda.

Murojaatda shuningdek, «yig‘ilishda bildirilgan ayrim fikrlar bo‘yicha «boshdan o‘tkazgan tabib» degan ibora bilan haqiqiy holat aslida qandayligi misollar bilan izohlangan.

Ma’lum qilishinicha, Karlar jamiyatining korxonalari daromadlari yildan-yilga kamayib bormoqda. Misol uchun, 2018 yilda — 277 mln so‘m foyda olingan bo‘lsa, 2020 yilda atiga 62 mln so‘m foyda ko‘rilgan, bu deyarli 5 baravarga kam.

«Daromad kamayganligi oylik ish haqlarining tushib ketishiga olib keldi. Bu esa xodimlarning ishdan ketishiga sabab bo‘ldi. Mana, 2000 yilda korxonalarimizda 2000 ga yaqin kar-soqov xodimlar ishlagan. 2020 yilga kelib ularning soni 176 taga tushib ketdi», — deyiladi xatda.

Shuningdek, Ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi korxonalar xodimlari 2000 yilda 4900 nafarga yaqin bo‘lgani, 2010 yilda 3 mingga tushgani, 2020 yilga kelib esa 1479 nafar xodim ishlayotgani aytilgan.

«Bir narsaga alohida e’tibor qaratish lozim deb o‘ylaymiz. Biz umumiy ishlab chiqarishdagi texnologiyalarga moslasha olmaymiz, aksincha, biz o‘zimizga moslashtirilgan texnologiyalar asosida ishlay olamiz. Shuning uchun bizning xodimlar korxonalarimizdan ketganidan keyin boshqa joylarda ishlashga qodir emas», — deyiladi murojaatda.

«Mazkur qonun bizga ishlab chiqarishimizni kengaytirishga, biz kabi imkoniyati cheklanganlar uchun moslashtirilgan texnologiyalarni olib kelishga, ishchi o‘rinlarini ko‘paytirishga, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va munosib maosh to‘lash uchun imkon beradi, deb umid qilgandik», — deya qo‘shimcha qilingan xatda.

Jamiyatlar qayd etishicha, «agar senatorlar tomonidan bildirilgan fikrlar yetarlicha asoslangan va haqiqatdagi holatga yaqin bo‘lganida edi, imkoniyati cheklangan shaxslar ishlayotgan korxonalar gullab ketgan bo‘lishi kerak edi».

Davlat tomonidan turli imtiyozlar erkin raqobatlashish imkoni bo‘lgan yoshlarga, ayollarga berilayotgan bir davrda imtimoiy tadbirkorlik instituti orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham imtiyoz berilishi boshqa tadbirkorlarga nisbatan ustunlik emas, balki ular bilan tenglashgan holda bitta maydonda raqobatlashishga imkon beradi, deyiladi murojaatda.

Unda masalaning iqtisodiy ahamiyatiga ham to‘xtab o‘tilgan. «Qonunning qabul qilinishi ishlab chiqarishning kengayishiga yordam beradi, bu esa aylanma va foydalar oshishiga olib keladi, natijada davlat budjetiga soliqlar tushumi yanada ko‘payishiga, davlat tomonidan bizga taqdim etiladigan subsidiyalar hajmining kamayishiga va korxonalarimiz o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga to‘liq o‘tishiga xizmat qiladi», — deya qayd etilgan.

«Mazkur qonun biz duch kelayotgan muammolarni hal etishda, iqtisodiyotdagi ishtirokimizni oshirishga yordam beradi», deya jamiyatlar Senatdan qonunni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda uni qabul qilishni so‘ragan.