Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston bank tizimidagi pul-kredit siyosati samaradorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi depozitlar va kreditlarning dollarlashuvi darajasi haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida mazkur ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘sish kuzatilib, 2021 yilda ham ular yuqori darajada — qariyb o‘zgarishsiz saqlanib turibdi. 1 oktabr holatiga bank tizimidagi depozitlarning 41,2 foizi va kreditlarning 47,5 foizi xorijiy valyutalarda shakllangan.

Ushbu masalani xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori majburiy zaxira normalarini qo‘llash, chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha riskka tortish me’yorlari kabi an’anaviy pul-kredit va makroprudensial choralar orqali ma’lum ma’noda tartibga solishga harakat qilinmoqda, deb aytdi Markaziy bank raisi.

«Lekin shu bilan birga, nisbatan uzoq yillar yuqori inflyatsiya sharoitida yashaganimiz, yaqin o‘tmishda bo‘lgan valyuta ayirboshlashdagi cheklovlar, bank tizimiga bo‘lgan ishonchning to‘la shakllanmaganligi ham jamg‘armalarni erkin ayirboshlanadigan valyutada saqlashga moyillikning sekin o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda», — deya ta’kidladi Mamarizo Nurmuratov.

Bank tizimida esa uzoq muddatli resurs bazasining shakllanmaganligi, oxirgi 5 yilda kuzatilayotgan «investitsion chanqoqlik», iqtisodiyotning ochiqlanishi hisobiga xalqaro moliya bozorlarining ochilishi hamda ularda foiz stavkalarining nisbatan pastligi tadbirkorlarning ham chet el vayutasida kreditlar olishga intilishini kuchaytirmoqda, deya qayd etdi Markaziy bank rahbari.

Uning aytishicha, xalqaro amaliyotda yirik valyuta inqirozlarini boshidan o‘tkazmagan iqtisodiyotlarda almashuv kursi nisbatan barqaror bo‘lgan davrlarda mijozlarning xorijiy valyutada kredit olishga bo‘lgan qiziqishi ortib, valyuta riskiga bo‘lgan e’tibori yoki ehtiyotkorligi pasayib boradi.

Mamarizo Nurmuratov ma’ruzasida bu tadbirkorlik riski, lekin kelajakda shunday risklar ro‘y bergan paytida nafaqat biznes subyektlarining moliyaviy ahvoliga, ular orqali tijorat banklarining moliyaviy holatiga va oxir-oqibat makroiqtisodiy hamda moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatish ehtimoli mavjudligini qayd etdi.

Shu sababli, joriy yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotda prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotda valyuta xatarlarini pasaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi, dedi u.

Mamarizo Nurmuratovning aytishicha, Moliya vazirligi huzurida valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi tashkil etilib, bozor mexanizmlari asosida tijorat banklarining xorijiy valyutada olgan qarz mablag‘larini milliy valyutaga ayirboshlaydi. Buning natijasida tijorat banklari tomonidan xorijiy resurslar hisobiga milliy valyutada uzoq muddatli kreditlar berish imkoniyati yaratiladi va bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotda banklar va tadbirkorlik subyektlari uchun vujudga kelishi mumkin bo‘lgan valyuta risklarini oldini olish imkoniyatini beradi.

«sentabr-oktabr oylarida tijorat banklari tomonidan valyutada 1 mln dollargacha qarzi bo‘lgan (umumiy qarzdorlik — 2,5 mlrd. dollar) 15 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlariga xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarni milliy valyutaga o‘tkazish bo‘yicha takliflar yuborildi. Takliflarga rozilik bildirgan 561 ta tadbirkorlik subyektlarining 123 mln dollarlik kreditlari milliy valyutaga o‘tkazilib, qayta rasmiylashtirildi va bu amaliyot kelgusida ham davom etadi», — deb aytib o‘tdi Mamarizo Nurmuratov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14% darajasida qoldirgani xabar qilingandi. Ushbu qaror yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasini 10 foizgacha pasaytirish va kelgusida 5 foizlik inflyatsion targetga erishish maqsadida qabul qilingan.