Prezident 21 oktabr kuni «Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Oila kodeksi va «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, farzandlikka olishni istisno qiluvchi jinoyatlar aniq belgilandi.

Xususan, hayotga, sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), o‘zganing mol-mulkini talon-taroj qilish, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq, tijoratda pora evaziga og‘dirib olish, O‘zbekiston Respublikasiga va jamoat tartibiga qarshi hamda boshqa bir qator jinoyatlarni qasddan sodir etgan shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin emas.

Ilgari qasddan har qanday jinoyatni sodir etganlar farzandlikka oluvchi bo‘lishi taqiqlangan edi.

Qolaversa, qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilmoqda.

Yana bir jihat, farzandlikka oluvchilar va olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart. Bundan o‘gay ota va o‘gay ona yohud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish holatlari mustasno.

Bundan tashqari, Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ayrim kasalliklarga chalinganlar ham farzandlikka oluvchi bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yil boshidayoq O‘zbekistonda farzand asrab olishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini o‘zgartirishga oid hujjat ishlab chiqilgandi. O‘shanda muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olishni taqiqlash tizimini ijtimoiy xavfliligiga qarab belgilash ko‘zda tutilgandi.

Ushbu hujjat keyinroq, sentabrning so‘nggida bo‘lib o‘tgan Senatning 19-yalpi majlisida ma’qullangan edi.

O‘shanda qonunga izoh berar ekan Tanzila Narbayeva: «Bola mehr ko‘rib, mehr berishni o‘rganadi. Biroq bu farzandlarimizni duch kelgan oilaga yoki odamga berish kerak degani emas. Farzandlikka oluvchilar har tomonlama, ayniqsa, ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk bo‘lishlari shart. Qonunning maqsadi shu, aslida», — degan edi.

20 oktabr kuni o‘tkazilgan Senatning 20-yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev farzand asrab olish uchun yillab navbatda turish fuqarolarni bola sotib olishga majbur qilayotganini ta’kidlagan edi.

Qolaversa, shu kuni Rustam Jo‘rayev bola asrab olayotgan oilalarga bir qator imtiyozlar berish va soliqlardan ozod etishni taklif qilgandi. «Nimaga farzandlikka olish kam degan masalani o‘rganayotganimizda muammo — to‘lovlar, imtiyozlar, kvartiralar farzandlikka olinganidan keyin buning hammasi to‘xtatiladi. Bolaga pul ham berilmaydi, kelajakda hattoki kvartira berish ham yo‘q», — degan edi u.