O‘zbekistonda xotin-qizlar, yoshlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga maslahatlar berish, amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida faoliyat yuritadigan Xotin-qizlar maslahat guruhlari (XMG) tashkil etilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish» qo‘shma loyihasi doirasida tuzilayotgan Xotin-qizlar maslahat guruhlari O‘zbekistonning yetti tumanida tajriba tariqasida tashkil etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashkilot faoliyati Latviyaning «Marta» nomli maslahat markazi tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.

«Marta» 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, xotin-qizlar, bolalar huquqlarini himoya qilib keladi. Ijtimoiy xizmatlar, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish orqali oiladagi zo‘ravonlik va odam savdosi qurboniga aylangan ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, yoshlar va erkaklar bilan ishlash orqali zo‘ravonlikning oldini olish bilan shug‘ullanadi hamda zarur tarkibiy o‘zgarishlarga erishish uchun siyosiy maydonda ham, umuman keng jamoatchilik bilan ham o‘zaro hamkorlik qilib, gender tenglikni doimo himoya qiladi, deyiladi xabarda.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan memorandum imzolagan. Unga muvofiq, Taraqqiyot dasturi mutaxassislari Latviyaning «Marta» markazi bilan qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Latviyaning «Marta» markazi ekspertlari ishtirokida Toshkentda seminar-treninglar o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, shunday tadbirlar endilikda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida va boshqa hududlarda bevosita Xotin-qizlar maslahat guruhlarida faoliyat yuritadigan xodimlar uchun o‘tkaziladi. Buning uchun «Marta»ning eng tajribali ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

«O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Xotin-qizlar maslahat guruhlari xotin-qizlar, yoshlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga zarur davlat xizmatlarini, kerakli hujjatlarni, ularning muddatlarini va hokazolarni aniqlashda yordam ko‘rsatadi. Ijtimoiy masalalar, psixologiya, tadbirkorlik va boshqa masalalar yuzasidan ham bepul maslahatlar beradi. Aynan ushbu mavzularni sodda qilib tushuntirib beradigan buklet va risolalar tayyorlaydi va bepul tarqatadi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, xotin-qizlar, yoshlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish, kompyuter savodxonligi va my.gov.uz orqali davlat xizmatlaridan foydalanish, til o‘rganish kurslari (rus, ingliz va boshqa tillar), biznesni boshlash/startaplar, psixologik xizmatlar, o‘z-o‘zini band qilish va kichik tadbirkorlik bilan bog‘liq kurslar (tikuvchilik, pazandachilik kurslari va boshqa kurslar), talabga ko‘ra boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.