Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Diyorbek O‘rozboyevdan olingan doping-sinamada taqiqlangan modda aniqlangan. Bu haqda Milliy antidoping agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 6 may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan.

Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etilgan ya’ni “Meldonium” taqiqlangan moddasi iste’mol qilinganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga mansub hisoblanadi.

Natijada Diyorbek O‘rozboyev 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Diskvalifikatsiya joriy yil 16 avgustdan 2024 yil 15 avgustga qadar etib belgilandi.

Dzyudochi xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

May oyi boshida bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev 4 yilga barcha milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sportchidan olingan doping-testida “furosemid” taqiqlangan moddasi aniqlangan.

“Gazeta.uz” doping sababli butun umrga diskvalifikatsiya qilingan sportchilar haqida maqola e’lon qilgan edi.