Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan «Tolibon» harakati Tojikiston bilan chegarada muntazam bo‘linmalarni joylashtiradi. Qayd etilishiga ko‘ra, harakatning 150 nafar jangchilari Tojikiston bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan shimoli-sharqdagi Taxor viloyatida qisqa muddatli harbiy tayyorgarlik kurslarini o‘tadi. Bu haqda TASS Bakhtar agentligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, tayyorgarlikdan o‘tgan «Tolibon» jangchilari tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlashadi va Taxor aholisining xavfsizligini ta’minlashadi.
«Biz harakat a’zolaridan va sobiq hukumat armiyasi harbiylaridan tashkil topgan muntazam armiya tuzmoqdamiz va boshqa davlatning bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi «Tolibon» bo‘linmalarining Mozori Sharif shahridagi (O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh Balx viloyati ma’muriy markazi) qo‘mondoni Mavlavi Ataulla Omariy.
«Islom Amirligi (Afg‘oniston Islom Amirligi — toliblar tomonidan tuzilgan hukumat nomi) maxsus kuchlari Taxor viloyatidagi qo‘mondoni Mavlavi Xuzayfa bitiruv marosimida jangchilar yaxshi harbiy tayyorgarlikdan o‘tganini va odamlar xavfsizligini ta’minlash hamda chegaralarni himoya qilishga tayyorligini aytdi», — deb yozmoqda «Gazeta.ru».
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
sentabr oyining oxirida Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon» Tojikistonga tahdid solgan edi. Undan avval, Tojikiston hukumati qarshilik ko‘rsatilayotgan so‘nggi hudud — Panjsher viloyati toliblar tomonidan bostirilayotganini qoralagan edi. Ular, shuningdek, «bu mamlakatda zulm va ta’qiblar natijasida tuzilgan boshqa Afg‘oniston hukumatini» tan olmasliklarini bildirishdi. Ikki davlat chegarasidagi vaziyat og‘irlashayotgani qayd etilgan.