Bugun, 21 oktabr kuni O‘zbekistonga COVAX platformasi orqali 912 ming doza Sinovac vaksinasi olib kelindi. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

“COVAX — JSST, GAVI va CEPIvaccines va YUNISEFni birlashtirgan global tashabbus. YUNISEF vaksinalarni sotib olish va yetkazib berishda yetakchi rol o‘ynaydi”, — deyiladi xabarda.

Foto: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

SSV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kecha Jurabek Laboratories MCHJ qo‘shma korxonasida tayyorlangan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 2 mln 755 ming 820 dozasi emlash uchun topshirilgan.

Shunday qilib, mamlakatda emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 34 mln 951 ming 358 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan 1 mln 594 ming 480 dozasi AstraZeneca, 25 mln 933 ming 818 dozasi ZF-UZ-VAC2001, 720 ming 500 dozasi “Sputnik V”, 3 mln 060 dozasi Moderna, 1 mln 726 ming 500 dozasi Pfizer/BioNTech, 1 mln 976 ming dozasi Sinovac vaksinasidir.

Eslatib o‘tamiz, 13 oktabr kuni 200 ming doza, 20 oktabr kuni 912 ming doza Sinovac vaksinasi olib kelingan edi.