O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda koronavirus pandemiyasi davrida aholining salomatligini saqlash uchun 80 trln mablag‘ sarflanganini ma’lum qildi. Bu haqda «Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram-kanali xabar berdi.

«Menga 80 trln emas, bir insonning hayoti muhimroq. Mana ko‘ryapmiz, koronavirusning boshqa shtammlari ham chiqyapti. Bu bizni bezovta qilyapti. Qish kelyapti. Hozir gripp kuchayyapti, ayniqsa Toshkentda gripp ko‘paydi», — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga 4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani haqida xabar berilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev koronavirusni yangi shtammlari paydo bo‘layotganini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, «biz „bu shunchaki gripp ekan“ deb qaramasligimiz kerak».

«Bu nihoyatda og‘ir kasallik, emlanishga jiddiy qarashimiz kerak. Har birimiz o‘z sog‘ligimizga e’tibor qilishimiz kerak. Sog‘lom odam ertangi kun uchun reja qiladi, mana shuni hammamiz tushunib olishimiz shart. Oldimizda qish, shamollash keng tarqalyapti, shunday paytda profilaktika talablarini bajarishimiz zarur», — dedi O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «dushanba kuni mamlakatga grippga ham qarshi vaksinalar olib kelinyapti».

«Ammo „koronavirus gripp ekan“ degan gaplar yolg‘on. Aziz hamyurtlarim, vaksina qilish kerak. Kasallik oson o‘tadi, asoratlari kamroq bo‘ladi. Har birimiz o‘zimizni saqlashimiz kerak», — dedi O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod.

Shavkat Mirziyoyev nima uchun Jizzax viloyatiga oxirgi bo‘lib kelgani haqida ham gapirdi.

«Sirdaryoga kelganda bir kunda kelib ketsa bo‘lardi. Lekin Jizzax menga ota yurt, meni ulg‘aytirgan zamin. Har biringiz menga qadrdonsiz, sizlar bilan alohida uchrashmasam bo‘lmasdi. Juda ko‘p joylarda uchrashuvlar o‘tkazdik, bir narsaga amin bo‘ldimki, odamlar o‘zgaryapti. Faqat o‘z viloyati, hududi uchun emas, butun O‘zbekiston rivojlanishi uchun harakat qilishyapti. Hamma bir gapni qaytaryapti — „Qilsa bo‘lar ekan-ku!“. Har bir xonadon o‘zini o‘zgartirsa bo‘lar ekan-ku», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Jizzaxdagi qiyinchiliklar haqida ham fikr bildirdi.

«Jizzax Samarqand yo‘lida joylashgan, Tojikistonga qo‘shni. O‘sha paytlarda shu yo‘lda katta bozor qurish uchun bor yo‘g‘i 25 ming dollar so‘raganimda 500 so‘m ham berilmagandi. Tekstil korxonasini yo‘lga qo‘yish, Zarafshondan suv olib kelish uchun kamida 20 ta xat yozgandim, lekin baribir amalga oshmagan. Mana, hozir har bir viloyatda bir nechtada tekstil korxonalari ishlab turibdi», — dedi u.

«Men ko‘p narsani Jizzaxda o‘rganganman, og‘ir yillarim o‘tgan bu yerda. Ko‘pchilik meni paxtani yaxshi biladi, deyishadi. Lekin mening mutaxassisligim boshqa edi. Kechalari kitoblar o‘qiganman va qiyinchiliklar bilan tajriba orttirdim. Bu hayot maktabini menga Jizzax berdi, mana shu yurt meni o‘qitgan desam haqiqat bo‘ladi. Mana shu tajribam Samarqand viloyatida hokimligida ham, bosh vazirligimda ham foyda berdi, hozir ham asqatyapti», — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

U Jizzaxda hayajon sezilayotganini aytib o‘tdi.

«Chunki mening bozorim ham mozorim ham shu yurt», — dedi prezident.