Qashqadaryoda 9 yil muqaddam sodir etilgan qotillik jinoyati fosh etildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, 2012 yilning 24 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, «Qorabo‘yin» mahallasida yashagan T.G‘. o‘ziga tegishli Nexia-2 rusumli avtomashinasida uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

T.G‘. boshqaruvidagi avtomashina Samarqand shahar, «Madaniyat» mahallasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomonidan topilgan va holat yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Bedarak yo‘qolgan G‘.T.ning avtomashinasini ko‘zdan kechirish davomida, avtomashinaning turli joylaridan jami 14 dona barmoq, kaft izlari olingan.


Tergovda aniqlanishicha, M.O., T.A. va D.S. tomonidan bedarak yo‘qolgan G‘.T. qasddan o‘ldirilib, uning jasadini Chiroqchi tumani, «Sho‘rbozor» mahallasi hududida joylashgan zaxiradagi dala maydoniga ko‘mib, avtomashinasini esa Samarqand shahar, «Madaniyat» mahallasi, «Narpay» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomoniga tashlab ketishganligi aniqlangan.

M.O., T.A. va D.S.ning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan barmoq izlari, ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va yuzlashtirish tergov harakatlari hamda boshqa dalillar majmui bilan to‘liq o‘z isbotini topgan, deyiladi xabarda.

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan 3 nafar shaxslarga JKning 97-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, barchasiga «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.