Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Xo‘ja Porso masjidi buzib tashlangani bo‘yicha ishni tergov qilish maqsadida Bosh prokuraturaga yubordi.

Avvalroq, Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan Marg‘ilondagi qadimiy Xo‘ja Porso jome masjidi (360 gradusda eski holati ko‘rinishi) buzib tashlangani haqida xabar bergan edik.

Farg‘ona viloyati hokimligi ham holat yuzasidan munosabat bildirgan edi. Unda ta’kidlanishicha, 2019 yil noyabrda olib borilgan texnik ekspertiza davomida xom g‘ishtdan qurilgan binoning devorlar konstruksiyasida hamda poydevorda cho‘kish yoki yorilishlar mavjudligi, namlik ta’sirida devorning uqalanishi boshlagani, «yuk ko‘taruvchi va to‘siq konstruksiyalar» me’yoriy hujjatlari talablariga umuman mos kelmay qolgani aniqlangan.

Masjidning yangi ko‘rinishi. Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

E’tiborlisi, xabarda shuningdek, «texnik jihatdan binoni restavratsiya yoki rekonstruksiya qilish imkoniyatlari yo‘qligi sababli, buzib qayta qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan hamda mas’ul idoralar ekspertlari xulosasi olingan», deya qayd etilgan.

Madaniy meros agentligi Marg‘ilon shahridagi Xo‘ja Porso jome’ masjidi buzib tashlangani yuzasidan o‘z xulosasini e’lon qilib, agentlik huzuridagi Ilmiy kengash ruxsat bermaganini ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasining 2021 yil 14 avgustdagi 851-sonli xatiga asosan «Xo‘ja Porso» jome’ masjidi hududida qo‘shimcha bino inshootlar qurish bo‘yicha loyiha taklifi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

O‘rganishlar natijasi yuzasidan 2020 yil 3 noyabrdagi xat bilan Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasiga «Xo‘ja Porso» jome’ masjidi hududida milliy ro‘yxatdagi Respublika ahamiyatiga ega bino majmuasi saqlangan holda, binoning yangi bosh rejasi taqdim qilinishi, bino ko‘rinishi Marg‘ilon an’anaviy me’morchiligi asosida loyihalashtirilishi, gumbaz, arka (ravoq) qurilishi usuliga e’tibor qaratilishi yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

«Binoning tarixiy bosh tarxi taqdim etilmagani, yangi va eski binolarni bir-biri bilan mutanosibligi ishlab chiqilmagani hamda loyiha tashkiloti litsenziyasiz kengashga taqdim etilgani sababli loyiha taklifi Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan bir ovozdan rad etilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, «Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan so‘ralgan ma’lumotlar Madaniy meros agentligiga qayta taqdim etilmagan».

Mazkur masala yuzasidan o‘rganilgan xulosalar barcha tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda o‘rnatilgan tartibda Bosh prokuraturaga holatga huquqiy baho berish uchun yuborildi.