Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 21 sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, xorijdan kirib kelgan pul o‘tkazmalari hajmida 2020 yilning mos davriga (4,3 mlrd dollar) nisbatan 34,2 foizga, 2019 yilning mos davriga (4,5 mlrd dollar) nisbatan esa 29 foizga o‘sish kuzatilgan.

Shuningdek, mamlakatning asosiy savdo-hamkorlari (Turkiyani hisobga olmaganda) milliy valyutalari bo‘yicha almashuv kurslarida yil boshidan buyon keskin o‘zgarishlar kuzatilmaganligi real almashuv kursi bo‘yicha farqlarni yuzaga keltirmaganligi aytilmoqda.

Yanvar-avgust oylarida mamlakatga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 4,9 mlrd dollarni tashkil etgan edi.

Avvalroq Markaziy bank to‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti chetdan kirib kelgan pul mablag‘lari hisobiga qisman qoplanganligini ma’lum qilgan edi.