O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda gaz eksporti masalasiga to‘xtaldi.

«Avvallari gaz sotardik, hozir sotib olishga tayyormiz. Chunki sanoatimizga katta miqdorda gaz kerak. Qashqadaryodagi GTL zavodimiz tayyor turibdi, lekin men ishga tushirishga shoshilmayapman. Chunki bunday zavod dunyoda beshta. Gazdan benzin olinadi, qo‘shimcha qiymat yaratiladi. Gaz kelajak avlodga qoladigan boylik, har xil shartnomalar bilan sotib yuboraverish kerak emas», — deya ta’kidladi amaldagi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, 2020 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga gaz importi 50,4 mln dollarni tashkil etgan edi, bu 2019 yilga nisbatan 237,1 baravar ko‘proq. Gaz eksporti esa qiymati bo‘yicha 4,7 baravarga, ya’ni 2,2 mlrd dollardan 478,1 mln dollarga kamaygan edi.

2021 yilda O‘zbekiston 53,8 milliard kub metr gaz ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, prezident tajriba orttirayotganligini, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha choralarga ham to‘xtaldi.

«Kambag‘alchilikni qisqartirish vazirligini tashkil qildik, Xitoy tajribasini o‘rganyapmiz. Bir vaqtlar kambag‘al degan so‘zni ishlatmasdik. Lekin men o‘zim yashagan joyni bilmaymanmi, kambag‘allik yo‘qmi bizda?», — deydi u.

Prezidentlikka nomzod paxta masalasini ham eslab o‘tdi.

«Paxtaning orqasidan qancha ezildik, lekin baraka topmadik. 3 kun oldin 3 mln tonnalik marrani bajargandik. Lekin bu hatto televizorda ham ko‘rsatilmadi, chunki paxta manfaat keltirsagina kerak. Kimga kerak bo‘lsa, yetishtiraveradi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.