Prezident Shavkat Mirziyoyev «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish tashkil etilgan «ADM Jizzakh» avtozavodidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Loyihaning birinchi bosqichi shu yil mart oyida ishga tushirilgan edi. Ushbu ilk loyihaning qiymati 12 million dollardan ziyod. Yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona. Zavod multibrendli bo‘lib, bu yerda «KIA», «Renault» va «Lada» rusumidagi 10 xil yengil avtomobil yig‘ilmoqda. Bugungi kungacha ichki bozorga 2 mingdan ziyod avtomobillar yetkazib berilgan.

Davlat rahbariga loyihaning ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot berildi. 216 mln dollarlik mazkur loyiha doirasida kichik uzelli ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ya’ni, 314 turdagi butlovchi qismlarni yasash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Uni 2023 yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan (dastlab 2022 yil oxiriga mo‘ljallangan edi).

Buning natijasida zavod quvvati yiliga 100 ming donaga chiqadi. Yana 3 mingta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi. Ushbu bosqichda mahalliylashtirish 30 foizga yetkazilib, yiliga 150 million dollarlik avtomobillar eksport qilinadi. Zavod tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, konstruktorlik, logistika, kadr tayyorlash sohalarini qamrab oladi.

Qayd etilishicha, Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida mazkur avtozavod uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha 500 mln dollarlik 60 ta loyiha shakllantirilgan. Shuningdek, Amerika va Yevropa nufuzli injiniring kompaniyalari bilan birga, viloyatda tajriba-konstruktorlik va dizaynerlik markazi tashkil etiladi.

Prezident mahalliylashtirish darajasini oshirib, avtomobillar narxini arzonlashtirish, xaridorlarga tanlov imkoniyatini kengaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

«Gazeta.uz» zavodga egalik qilayotgan Roodell bosh direktori Doniyor Davlatyorov bilan intervyu tashkil etgan edi.