Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini 21 oktabr — o‘zbek tili bayrami munosabati bilan tabrikladi.

«Keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ushbu qutlug‘ sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz», — deyiladi tabrikda.

«Til sohasidagi amaliy ishlar sharofati bilan o‘zbek tili nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda», — deya ta’kidladi prezident. «O‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz».

«Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari va chet el fuqarolarida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish va e’tibor ortib borayotganini hisobga olib, ular uchun maxsus darslik, lug‘at va qo‘llanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur», — deya qayd etdi u.

«O‘zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, bu maqsadda nafaqat ma’naviy, shu bilan birga, moddiy rag‘batlantirish choralarini ham keng qo‘llashimiz darkor. Xususan, tilshunos va lug‘atshunos olimlarimizning, shoir-adiblarimizning ushbu sohadagi mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib qadrlash, ularning ilmiy tadqiqotlari, darslik va qo‘llanmalari, kitob va risolalarini davlat buyurtmasi shaklida nashr etish va keng jamoatchilikka yetkazib berish uchun alohida dastur ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev davlat tiliga oid barcha ma’lumotlarni o‘zida jamlagan O‘zbek tili milliy korpusini yaratishni tezlashtirish, ona tilimizni Internet global tarmog‘ida ommalashtirish va ushbu makonda mustahkam o‘rin egallashini ta’minlash, dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish ishlarini jadallashtirishni ham dolzarb vazifa sifatida sanab o‘tdi.

Davlat rahbari yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiy xalqaro instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Prezident, shuningdek, bugungi kunda mamlakatda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarda ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta’lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasidir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi», — deyiladi tabrikda.