Toshkentda Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan yangi yo‘l qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi. Seshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi obyektlar bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, Cho‘ponota ko‘chasidan Toshkent halqa yo‘ligacha qariyb 2 km lik trassa qurib bitkazildi. Uning Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tgan qismida 788 metrlik ko‘prik va Toshkent halqa yo‘liga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yo‘l o‘tkazgich qurilib, foydalanishga topshirildi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent halqa yo‘lidan Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan 4 km dan ziyod yo‘l qurilmoqda.

«Umuman, 6 qatorli mazkur yo‘l va ko‘priklar soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti oldingi 40−50 daqiqa o‘rniga 20 daqiqani tashkil qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandlik ikki baravarga qisqaradi», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz» may oyida Grand Road Tashkent tomonidan oshirilayotgan qurilishning umumiy qiymati 518,3 mlrd so‘mni tashkil etishi haqida yozgan edi (dastlabki miqdori 280 mlrd so‘m).

Foto

Foto: Prezident matbuot xizmati