O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 oktabr holatiga 34,41 mlrd dollarni tashkil etdi. sentabr oyi bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich 1,02 mlrd dollarga yoki 2,9 foizga kamaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib Spot nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yo‘qotishlarning yarmi oltinga to‘g‘ri keladi. Bir oy mobaynida uning miqdori 200 ming troy unsiyaga oshdi, lekin uning umumiy qiymati 528 mln dollarga kamaydi. Shundan keyin oltinning bir unsiyasi uchun narxi taxminan 1762 dollardan 1 oktabrda — 1760 dollarga tushdi. Biroq, hozir qimmatbaho metallarning bir troy unsiyasi narxi 1775 dollarga ko‘tarildi.

«Ayni vaqtda oltin-valyuta zaxiralar qoldig‘i tashqi qarz hajmidan ortda qolmoqda… Odatda oltin sotilmagan oylarda oltinning fizik hajmi o‘rtacha 300 mln troy unsiyasiga ko‘payib borardi. sentabrda fizik hajm faqat 200 troy unsiyasiga oshgani inobatga olinsa, ehtimolki, o‘tgan oyda oltin ishlab chiqariluvchilardan sotib olingan oltinning bir qismi eksport qilingan bo‘lishi mumkin», — deya yozadi Bakiroo Telegram kanali.

Hozirda O‘zbekistonda 21,345 mlrd dollarlik oltin zaxirasi bor — bu 12,3 million troy unsiyani tashkil etadi (taxminan 382,6 tonna, bu o‘tgan oyga qaraganda 6 tonnaga ko‘p).

Zaxiralar kamayishining yana bir sababi valyutadagi aktivlarning qisqarishidir. sentabr oyida valyutadagi aktivlar 479 mln dollarga kamayib 11,95 milliard dollarni tashkil qildi.

Qayd etilishicha, hozirgi zaxiralar 18 oydan ortiq muddatda importni moliyalashtirish uchun yetarli bo‘ladi. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan 3 oylik darajadan ancha yuqori hisoblanadi.

Zaxiralar, boshqa narsalar qatorida, mamlakat uchun «xavfsizlik yostig‘i» hisoblanadi. Ular salbiy tashqi zarbalarga qarshi ishlatilishi uchun zarur va zaxiralarning yetarliligi bevosita ushbu zarbalarning tabiatiga ham bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari avgust oyi boshida 965 mln dollarga oshib, 35,1 mlrd dollarga yetgani xabar qilingandi.