O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi etib tayinlanishining sababini aytdi va shaharni qanday rivojlantirish rejalashtirilayotgani haqida gapirdi.

“Men nima uchun Jahongir Ortiqxo‘jayevni Toshkent shahri hokimligiga qo‘ydim? Bu odam tadbirkor. Tadbirkorlik bilan poytaxtni rivojlantirishi uchun bu lavozimni berdik. Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Tadbirkorlik zamon talabi bo‘lyapti. Endi Ortiqxo‘jayev ham kerak bo‘lsa 10 barobar ko‘proq harakat qilishi lozim”, — dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi besh yilda xorijdan keladigan mehmonlarni 3 mln nafarga yetkazib, turizm xizmatlari hajmini 1 mlrd dollarga olib chiqish rejalashtirilgan.

“Savdo sohasini iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish, boshqa tarmoqlar uchun “drayver"ga aylantirish uchun eng katta masala bu — savdo maydonlarining yetarli emasligi. Misol uchun, so‘nggi ikki yilda shaharda savdo maydonlari 2 barobarga oshgan bo‘lsa-da, ularning hajmi yirik megapolislarga nisbatan, 10−15 baravarga past”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Shuning uchun, kelgusi besh yilda shahardagi savdo maydonlari 10 barobarga oshiriladi. Buning uchun 44 ta yirik savdo va ko‘ngilochar markazlari ishga tushiriladi, har bir tumanda tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar barpo etiladi, yangi qurilayotgan uy-joylar va biznes markazlarning pastki qavatlari oldindan xizmat ko‘rsatish va savdo sohasiga ixtisoslashtiriladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ta’kidlanishicha, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yangi mehmonxonalar va 5000 kv metrdan katta savdo komplekslari besh yil davomida mol-mulk solig‘ini 2 barobar past stavkada to‘laydi. Shuningdek, qurilgan binolarning amortizatsiya xarajatlarini ikki yil davomida to‘liq qoplash orqali, foyda solig‘ini kamaytirish imkoniyati yaratiladi.

“Umuman olganda, shahar mahallalarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, yiliga 1 trln so‘m yo‘naltiriladi”, — dedi O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev kelajakda Toshkent ilg‘or innovatsion va investitsion hududga aylanishini aytdi.

“Shaharda joylashgan og‘ir sanoat korxonalari poytaxt tashqarisiga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi. Shaharda esa yuqori texnologiyali innovatsion tarmoqlar — elektronika va elektrotexnika, IT-injiniring, biotexnologiya korxonalari joylashadi”, — dedi u.

Bundan tashqari “O‘zekspomarkaz” hududida Toshkent xalqaro moliyaviy markazi qurilishi rejalashtirilgan. “Unda faoliyat yuritadigan xalqaro banklar, moliyaviy institutlar, yuridik, konsalting va investitsion kompaniyalarga qulay sharoitlar yaratiladi. Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz uchun investitsiyalar xabiga aylanadi”, — dedi prezident.

“Shahar uchun alohida ilg‘or loyihalar va injiniring markazi ochiladi. Shuningdek, kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida, „ta'lim — ilm — tadqiqot“ tamoyili asosida har bir oliygoh o‘quv dasturlari „yashil“ va „raqamli“ iqtisodiyotga yo‘naltirish uchun transformatsiya qilinadi. Ushbu tizimning o‘zagi Yangi O‘zbekiston universiteti bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, “har bir tumanda Innovatsiya va texnologiya markazi hamda „loyiha guruhlari“ tashkil etilib, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida alohida texnopark va IT maktabi faoliyat yuritadi”.

“Istiqbolli loyihalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi 30 foiz ulush bilan kiradi va bunga 200 mln dollar ajratiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “yangi tashkil etiladigan O‘zbekiston taraqqiyot banki tomonidan Toshkent shahri tadbirkorlariga qulay shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish uchun 1 mlrd dollar resurslar tijorat banklari orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltiriladi”.

2022 yilda poytaxtga investitsiya va ilg‘or texnologiyalar, eng nufuzli xalqaro kompaniyalarni keng jalb qilish uchun “Toshkent xalqaro investitsiya forumi” o‘tkaziladi. “Bu orqali qo‘shimcha 10 mlrd dollar investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratamiz”, — dedi O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod.

“Umuman, Toshkent shahrida keyingi besh yilda 14 mlrd dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Toshkent shahri atrofida „sanoat belbog‘i“ tashkil qilinib, Bektemir, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari yuqori daromad keltiruvchi sanoat tarmoqlariga moslashtiriladi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, “Gazeta.uz” Shavkat Mirziyoyev poytaxt saylovchilari bilan uchrashuvda Toshkentdagi har bir mahallaga 10 mlrd so‘mdan ajratilishi, Toshkent havosida chang miqdori me’yoridan ikki baravar ko‘pligi va poytaxtdagi tirbandliklarni hal etish bo‘yicha gapirgani haqida yozgan edi.

Akfa kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yil aprel oyi oxirida Toshkent rahbari tomonidan tasdiqlangan. Shavkat Mirziyoyev uni hokim sifatida tanishtirar ekan, shunday degan edi: “Men O‘zbekiston tarixida birinchi marta o‘zim ishongan tadbirkorni Toshkent hokimi lavozimiga tayinladim. Hozirgi islohotlarni tushunib yetgan, byurokratiyadan uzoq, Toshkent shahrining ertangi kuni qanday bo‘lishini tasavvur qiluvchi, zamonaviy bo‘lgan mana shu yigit O‘zbekistonga toza havo olib kirish, investorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tayinlandi. U bizning ko‘plab rahbarlarimiz kabi biror byurokratik tizimda: raykom, partiya yoki boshqa joyda ishlamagan. U tadbirkor”.