Huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi (o‘g‘rilik), 168-moddasi 2-qismida (firibgarlik) belgilangan jinoyatlarni sodir etgan ikki nafar shaxs Koreya Respublikasida qo‘lga olindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Shu yilning oktabr oyida Seul shahrida O‘zbekistondagi Interpol MMB, Toshkent viloyati IIBB va Janubiy Koreyaning Interpol MMB xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan xalqaro miqyosda qidiruvda bo‘lgan 1991 yilda tug‘ilgan shaxs ushlangan.

Bundan tashqari, olingan ma’lumotlarga asosan, Interpol kanallari tomonidan katta miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi 1957 yilda tug‘ilgan J.N qo‘lga tushgan.

Ta’kidlanishicha, 2016 yilda J.N. O‘zbekiston fuqarolari ishonchiga kirib, Toshkent shahridan ko‘chmas mulk xaridida yordam berishini va’da qiladi. Ulardan olgan pullarni esa o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

«Bugungi kunda muzokaralar va O‘zbekistondagi Interpolning MMB hamda Toshkent viloyati IIBB JQB xodimlarining hamkorlikdagi tezkor harakatlari tufayli qidiruvdagi ikkala shaxs ham qo‘lga olinib, O‘zbekistonga topshirildi va endi ular qilmishlari uchun sudda javob berishlariga to‘g‘ri keladi», — deyiladi xabarda.