Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida 2021 yilgi davlat dasturining uchinchi chorakdagi ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti eshitildi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev madaniy meros obyektlarini saqlash sohasida qator kamchiliklar mavjudligini ta’kidladi.

«Madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash doirasida barcha madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish hamda milliy ro‘yxatini qayta shakllantirish, madaniy meros obyektlari elektron portalini yaratish, uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilish, davlat kadastr hujjatini rasmiylashtirish va davlat kadastrlari yagona tizimiga tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan», — dedi u.

Senatorning aytishicha, sentabr oyida qo‘mita tomonidan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning Toshkent shahridagi ijrosi o‘rganilgan.

O‘rganishlar natijasida poytaxtdagi milliy ro‘yxatga kiritilgan 354 ta moddiy-madaniy meros obyekti orasida ayrimlari ko‘rsatilgan manzilda yo‘qligi, Yakkasaroy tumanida 3 ta, Olmazor tumanida esa 1 ta obyekt umuman mavjud emasligi aniqlangan. Shuningdek, 56 ta madaniy meros obyektlarining kadastr hujjatlari bo‘lmagan. 256 ta obyektga esa muhofaza belgilari, 200 tasiga esa yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilmagan. Madaniy meros obyektlariga jamoatchilik inpekstorlari to‘liq biriktirilmaganligi ta’kidlandi.

«Arxeologik yodgorliklarni saqlash va muhofaza qilish holati ham qoniqarli emas. Tarixiy tepaliklarning atrofi himoya devorlari bilan o‘rab olinmagan, tuproqlari mahalliy aholi tomonidan o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilganligi oqibatida ularning yo‘qolib ketish xavfi bor. Ayrim yodgorliklarning atrofiga chiqindilar ham tashlab ketilmoqda. Afsuski, bunday muammolar boshqa viloyatlarda ham mavjud», — deya ta’kidladi Senat qo‘mitasi rahbari.

Senat raisi Tanzila Narbayeva madaniy meros obyektlarini saqlashning huquqiy mexanizmini yaratish kerakligini ta’kidladi.

«Hukumat mazkur masalalarni hal etishga jiddiy e’tibor qaratishi zarur. Jumladan, madaniy meros obyektlarining kadastr hujjatlarini shakllantirish va ularning milliy ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish lozim. Ayrim yo‘q bo‘lib ketgan madaniy meros obyektlari hamon muhofazaga olingan obyektlar milliy ro‘yxatida saqlanib turibdi, nomi bor, o‘zi yo‘q», — deydi u.

Shuningdek, Senat raisi tegishli qonunga madaniy meroslarni saqlashga oid o‘zgartirishlar kiritish kerakligini qayd etadi.

«Madaniy meros nafaqat targ‘ibot qilinishiga, balki davlatimiz tomonidan qattiq himoyaga, qo‘llab-quvvatlashga ham muhtoj. Aks holda uzoq yillar davomida tarixdan shakllangan milliy madaniyatimiz, o‘zligimiz yoddan chiqishi, unutilishi ham mumkin. Kerak bo‘lsa, tegishli qonunlarga madaniy meroslarni saqlashga oid o‘zgartirishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqish zarur. Davlat vazifasi madaniy meros obyektlarini saqlashning shaffof huquqiy mexanizmini yaratishdan iboratdir», — deydi Tanzila Narbayeva.

Oldinroq Marg‘ilon shahrida 1869 yilda qurilgan Xo‘ja Porso jome masjidi buzib tashlanganligi, uning binosi o‘rniga yangi bino qurilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.