Chegaradan o‘tayotgan fuqarolardan tizimli ravishda pul undirib kelgan Qirg‘izistonning «Dostuk-avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punkti xodimlari qo‘lga olindi. Bu haqda 24.kg nashri Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi. Ular Chegara xizmatining ayrim rahbarlari homiyligi ostida faoliyat yuritishgan.

Aniqlik kiritilishicha, O‘zbekiston fuqarolari va og‘ir yuk mashinalari haydovchilari ulardan eng ko‘p jabr ko‘rgan. Mazkur holat Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining «Bir guruh shaxslardan pora olish» moddasi bo‘yicha ro‘yxatga olingan.

«19 oktabr kuni „Dostuk-avtodorojniy“ nazorat-o‘tkazish punkti boshlig‘i A.E., Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining O‘sh viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Ch.N., shuningdek direktorning birinchi o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Bosh shtabi boshlig‘i Kursanbek Bektashev qo‘lga olindi. Qo‘lga olinganlar MXDQning O‘sh shahri va O‘sh viloyati boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirildi», — deyiladi xabarda.