“O‘tkan kunlar” tarjimoni Mark Riz va’da qilingan gonorar 5 oydan beri to‘lanmayotganini ma’lum qildi

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilgan Mark Riz O‘zbekiston tomoni besh oydan beri prezident nomidan va’da qilingan pul mukofotini to‘lamayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalari uchun roman tarjimasining 1000 nusxasini sotib olishga va’da berilganini, bu ham bajarilmayotganini ta’kidladi. Davlat tilini rivojlantirish boshqarmasi vakili “masala kun tartibida”, deb izoh berdi.

Sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima miqdori 2 baravarga kamaytirilmoqda

Deputatlar pasport tizimi qoidalarini buzish, noqonuniy valyuta ayirboshlash, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish va sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarimalarni bir necha baravarga kamaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

31 dekabrgacha go‘sht va kartoshka importini QQSdan ozod qilish taklif etildi

Deputatlar 10 oktabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht, qoramol va parranda, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni O‘zbekistonga olib kirish va realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarni QQSdan ozod qilishga oid qonunni qabul qildi.

Dekabrda Farg‘onada test rejimida 12 ta elektromobil ishlab chiqariladi

Farg‘ona viloyatida dekabr oyida “Central Asia Motors” korxonasida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida ishlab chiqariladi. Korxona to‘la quvvati bilan ishga tushgach, yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqarishi kutilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 40 foizi eksport qilinadi.

Toshkentdagi har bir mahallaga 10 mlrd so‘mdan ajratiladi — Shavkat Mirziyoyev

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent hokimligi qoshida 575 ta mahallani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, har bir mahallaga 10 mlrd so‘mdan (jami qariyb 600 mln dollar) ajratilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallalarni obod qilish uchun 2 mlrd so‘m ajratish amaliyoti “o‘z samarasini bergan”.

O‘zLiDeP nomzodi poytaxtdagi tirbandliklarni hal etish bo‘yicha o‘zining takliflarini bildirdi

Prezidentlikka O‘zLiDeP partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi tirbandliklarni bartaraf etish uchun ko‘chalarda 21 ta yo‘l o‘tkazgichlar, 6 ta metro bekati atrofida hamda markaziy ko‘chalarda 80 ta ko‘p qavatli avtoturargohlar qurishni taklif qildi. “Yo‘l harakatini „aqlli tartibga solish“ tizimi joriy etiladi”, — dedi u. Ko‘chalarni ta’mirlashga esa 3,2 trln so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

Toshkent havosida chang miqdori me’yoridan ikki baravar ko‘p — prezident

Shavkat Mirziyoyev poytaxt saylovchilari bilan uchrashuvda Toshkent havosidagi chang miqdori belgilangan me’yorlardan 2 barobar ko‘pligini ma’lum qildi. Prezident qurilish maydonlarida changni bostiruvchi zamonaviy usullar va texnologiyalarni joriy qilish zaruriyati haqida ham gapirdi. O‘zLiDeP nomzodi kelgusi yilda har bir tumanda sayilgoh hamda shahar bo‘yicha 25 ta “yashil hudud” va alleyalar tashkil etilishini ta’kidladi.

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabga boshqa hududdan o‘qituvchi jalb qilish tartibi belgilandi

Hukumat qaroriga ko‘ra, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi. Shuningdek, pedagogika yo‘nalishlarining 3-kursida tahsil olayotgan talabalarga maktablarda dars berish huquqi berildi.

Andijonda mast holda “Tez yordam” shifokorini do‘pposlagan shaxs qamoqqa olindi

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida bemorning o‘g‘li mast holatda “tez yordam” shifokorini do‘pposlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Zo‘ravon besh yilgacha muddatga qamalishi mumkin.

“Pandemiya davrida ko‘p davlatlar „egoist“ bo‘lib ketdi” — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda pandemiya davrida eng kuchli davlatlar ham qiyin vaziyatga tushib qolganini aytdi. Uning aytishicha, “ko‘p davlatlar „egoist“ bo‘lib ketdi”. “Qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarni kuzatib turibsiz. Afg‘on muammosi bizni jiddiy o‘ylantiradi”, — deydi prezident.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga hokimlar rais bo‘ldi. Antikorrupsiya agentligi rahbari izoh berdi

Antikorrupsiya agentligi direktori Akmal Buxonov Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tashkil etilgan hududiy kengashlarga hokimlar rais bo‘lishi borasidagi xabarlarga izoh berdi. “Bu kengashlar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ emas, kollegial idora hisoblanadi”, — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hokimlar mahalliy kengash raisligidan ozod qilinsa, unda Hududiy kengash raislari ham o‘zgarishini qo‘shimcha qildi.

Jahongir Otajonov 3 nafar farzandidan aliment qarzdorligi sabab O‘zbekistondan chiqib ketolmadi

Jahongir Otajonov O‘zbekistonni tark etishiga taqiq qo‘yilganini ma’lum qildi. MIBning ma’lum qilishicha, fuqaroda 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiruviga oid 3 ta ijro ishlari mavjudligi aniqlangan va uning O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan.

Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston muftiysi etib saylandi

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi.

Rahmatulloh Sayfuddinov Toshkent shahri bosh imom-xatibi bo‘ldi

Yunusobod tumani va “Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov Toshkent shahri bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlandi.

Korrupsion jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning reyestri to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi

Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov Korrupsion jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning reyestri to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

“Gazeta.uz"da chiqqan fotoreportajlar:

Foto: Toshkent saylovdan oldin

Kelayotgan yakshanba, 24 oktabr kuni prezident saylovi o‘tkaziladi. Saylovdan oldingi poytaxt qiyofasi — “Gazeta.uz” fotoreportajida.