Davomi: 20 oktabr kuni Mark Riz u bilan O‘zbekiston hukumatidagi yuqori lavozimli shaxslar bog‘lanib, unga gonorar to‘lash masalasi hal qilinganligini ma’lum qilishganini aytdi. «Hukumatni isloh qilish — bu dard… Biz muammoni tagiga yetib, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan odam uchun hujjatlarni qanday rasmiylashtirish kerakligini bilmaydigan quyi pog‘onadagi administratorga bog‘liq ekanligini aniqladik», — deb yozadi tarjimon.

Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» tarjimasi muallifi Mark Riz («Gazeta.uz» oldinroq u bilan intervyuni e’lon qilgan edi) prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan va’da qilingan pul mukofoti 5 oydan beri to‘lanmagani haqida ma’lum qildi. Bu haqda u Twitter`da O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilgan bir nechta postida yozgan.

Tadqiqotchi ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilish uchun ochganini (akkaunt nomi — @uzbekmodernist) hamda ayrim hukumat vakillarining nojo‘ya harakatlariga e’tiborni qaratish uchun ushbu kanaldan foydalanish unga yoqimsiz ekanligini ta’kidladi.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Akademiyasinig Mintaqaviy tadqiqotlar markazi sobiq rahbari o‘zini davlat xizmatiga bag‘ishlaganidan, 1994 yil aynan O‘zbekistonda boshlangan, faxrlanishini aytib o‘tdi va davlat budjetini noto‘g‘ri ishlatish kechirib bo‘lmas ish ekanligini qayd etdi.

«Besh oy oldin siz menga katta pul mukofotini hamda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari „O‘tkan kunlar“ tarjimasining 1000 nusxasini sotib olish va’da qilgandingiz», — deb yozadi Mark Riz.

U «katta qalam haqi» hamda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari «O‘tkan kunlar» tarjimasining 1000 nusxasini sotib olish va’da qilinganini ta’kidladi.

«Men o‘tgan yilning may oyida Toshkentdan ketishimdan bir kun oldin, hukumatingiz a’zosi Xondamir Qodiriy, Abdulla Qodiriyning nabirasi, va mening do‘stim bilan bog‘lanib: „Men prezident Mirziyoyev bilan yetti daqiqadan so‘ng uchrashaman va u Markka tashrifi vaqtida qancha gonorar to‘laganimizni bilmoqchi. Biz Markga pul bermadik. U kechirib, unuta oladimi?“ — degan», — deya Yozuvchilar uyushmasi vakilining so‘zlarini keltiradi amerikalik tarjimon.

«Men unga: „Siz mendan Mirziyoyevga yolg‘on gapirishimni so‘rayapsizmi? Boring, choyingizni iching“, — dedim. Ushbu javobdan keyin xodimingiz do‘stimga tahdid qilgan… Men bu suhbatdan shokka tushdim. Bundan bir kun oldin janob Sultonov (Hayriddin Sultonov, prezident maslahatchisi — tahr.) bilan ko‘rishgan edim, unga o‘z taklifimni berdim va uning yuqori darajadagi professional ekanligiga ishonch hosil qildim», — deya ta’kidlaydi tadqiqotchi.

Mark Riz ushbu vaziyat «yuqori rahbariyatning sa’y-harakatlari korrupsiyaga botgan o‘rtakashlarning harakatlari bilan puchga chiqarilishini» ko‘rsatib berishini xulosa qiladi.

Uning yozishicha, AQShga qaytganidan so‘ng uni Yozuvchilar uyushmasi xodimlari va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari ishtirokidagi Zoom-uchrashuvga taklif qilishadi. Unda gonorar berilishi ma’lum qilinib, uning 1000 ta tarjima kitobini sotib olishga va’da berishadi. Shuningdek, unga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yiliga 20 ming dollar evaziga ish ham taklif qilinadi.

«Bu taklifni rad etishimga to‘g‘ri keldi, chunki bu maoshga ishlay olmasdim. Ingliz tilini o‘rganishlari uchun o‘zim to‘lashimga to‘g‘ri kelardi», — deb yozdi u.

Mark Riz ushbu qo‘ng‘iroq vaqtida O‘zbekiston tomonidan do‘stiga tahdid qilgan va unga gonorarni «unitish va kechirishni» taklif qilgan Yozuvchilar uyushmasi xodimi ham ishtirok etganini bildirib o‘tdi.

«Menga o‘g‘lim bilan Toshkentga ko‘chib borish hamda mendan yolg‘on gapirishni so‘ragan, keyin do‘stimga tahdid qilgan kishiga o‘z xavfsizligimni ishonib topshirish g‘oyasi yoqmadi. Shu odamning o‘zi gonorarni taqsimlash va kitoblarni sotib olishga mas’ul», — deb yozadi u prezidentga murojaat qilar ekan.

«Oxirgi uch yilda qancha intervyu berganim, Alisher Navoiy nomidagi universitetda onlayn dars o‘tkanim va bular uchun hech narsa olmaganim, deyarli barcha safarlarni o‘z hisobimdan amalga oshirganimni bilasiz. Men ancha asabiylashdim, biroq O‘zbekistondagi odamlar meni davom ettirishga ruhlantirishdi, sizning qo‘llab-quvvatlashingiz meni ilhomlantirdi. O‘zbekistonda halol odamlar nohalollardan ko‘proq. Biroq 1 yoki 2 kishi osonlikcha islohotlaringizga putur yetkazishi va jar yoqasiga keltirib qo‘yishi mumkin. O‘rta qatlamdagi korrupsiya janob Sultonovga — professionalga — putur yetkazadi, va eng achinarlisi, sizning O‘zbekiston uchun kelajak qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni barbod qilishi mumkin», — deb yozadi tarjimon.

«Bu islohotlar muvaffaqiyatsiz bo‘lishi mumkin emas. Ma’muriyatingizdagi halol insonlar muvaffaqiyatga erishish imkoniga ega bo‘lishlari lozim», — deya qayd etdi korrupsiyaga botgan odamlarni to‘xtatish uchun ushbu bayonotni berishi kerak deb hisoblagan Mark Riz.

Mark Riz «Gazeta.uz» bilan suhbatda o‘zining bank hisob-raqamini jo‘natgani, biroq haligacha O‘zbekistondan hech qanday pul o‘tkazmasi bo‘lmaganini aytdi. U, shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan 2020 yilda taqdim etilgan «Do‘stlik» ordeni uchun mukofot puli ham haligacha to‘lab berilmaganini ta’kidladi.

«Amazon platformasida 1000 ta „O‘tkan kunlar“ sotib olinsa, katta hodisa bo‘lardi. 1000 ta kitobning sotib olinishi platforma algoritmida qayd etiladi va bu o‘zbek adabiyotining tanilishiga xizmat qilardi», — dedi u.

«Gazeta.uz» izoh olish uchun Yozuvchilar uyushmasi va Vazirlar mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan bog‘landi.

«Mazkur masala hozirda kun tartibida turibdi va rahbariyat bilan muhokama qilinmoqda», — dedi departament vakili.