Andijon viloyati Paxtaobod tumanida «tez yordam» shifokorini mast holatda do‘pposlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, joriy yil 17 oktabr kuni soat 00:30 lar chamasi Paxtaobod tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasi dispetcher xizmatiga shu tumanning «Ma’rifat» mahallasidan murojaat kelib tushadi.

Shundan so‘ng chaqiruv manziliga darhol navbatchi shifokor Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam brigadasi yuboriladi. Biroq chaqiruv bo‘lgan xonadon egasi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro B.T. shifokorlarning yetib borishini kutmay, bemor onasi G. U.ni o‘z shaxsiy avtomashinasida «tez yordam» shoxobchasiga olib keladi.

O‘sha kuni tuman tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasida navbatchilik qilayotgan boshqa bir shifokor, 1994 yilda tug‘ilgan Shohruh Zokirov darhol bemor G. U. ning qon bosimi, yurak urishini o‘lchab, unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatadi.

O‘z vaqtidagi muolajalar sababli bemor G. U. ning qon bosimi me’yorlashib, umumiy holati yaxshilanadi. Ammo fuqaro B.T. onasiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmasdan, jamoat joyi hisoblangan «tez yordam» binosida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan shifokorlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qiladi va o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan yana bir shifokor — M. Dehqonovning yoqasidan olib, uni bo‘g‘a boshlaydi.

Shu payt hamkasbini ajratish uchun borgan Sh. Zokirovning harakatlari mushtumzo‘r B.T.ga yoqmaydi va u shifokorning yuziga musht tushiradi. Bunga qanoat qilmagan B.T. musht zarbidan yerga yiqilgan Sh. Zokirovning yuzi va tanasining turli joylariga urib, unga jiddiy jarohat yetkazadi.

Shundan so‘ng, olgan tan jarohatlari bilan Sh. Zokirov Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqiziladi.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala ko‘z qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qo‘yilgan.

️Hozir ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (bezorilik: jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan B.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi modda bo‘yicha huquqbuzar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.