Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida elektromobillar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgan «Central Asia Motors» korxonasida bo‘lib, korxonani ishga tushirish bilan bog‘liq jarayonlar bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona mexanika zavodi hududida joylashgan ushbu korxonada umumiy qiymati 50 mln dollar bo‘lgan «Elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillar ishlab chiqarish» loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning 5 mln dollari tadbirkorning o‘z mablag‘lari, yana 5 mln dollari bank krediti, qolgan 40 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi. Loyiha hujjatlarida xorijiy investor sifatida Xitoyning «Great Wall Ceramic Industries» kompaniyasi ko‘rsatilgan.

sentabr oyi oxirida berilgan ma’lumotlarda loyiha Xitoyning Hong Kong ZRSC kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aytilgandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qo‘shimcha qilinishicha, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan va 2022 yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. To‘la quvvati bilan ishga tushgach, korxonada yiligm 10 ming elektromobil ishlab chiqarilishi mumkin.

Ishlab chiqarilgan mahsulotning 40 foizi eksport qilinadi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ma’lumotga ko‘ra, dekabr oyida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida yangi korxona konveyerlaridan chiqadi. Dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqarilib, bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi hamda benzin bilan ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.

«Hozirda elektromobillarni yig‘ish va test uskunalaridan o‘tkazish sexi hamda elektroforez va bo‘yash sexi ishlab chiqarish jarayonlariga tayyor bo‘lib, elektromobillarning kuzov qismini payvandlash uchun sex tashkil etishga qo‘shimcha ishlab chiqarish maydoniga ehtiyoj borligi masalasi viloyat hokimiga bildirildi», — deyiladi xabarda.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Viloyat rahbari, mexanika zavodi hududidagi bo‘sh turgan maydonlardan ushbu investitsion loyihani yakunlash uchun belgilangan tartibda joy ajratib berish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.

O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha avval ham bir-nechta loyihalar taqdim qilingan edi. Jumladan, iyun oyida Andijondagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi.

Aprel oyida «Gazeta.uz» Farg‘onada yil oxirigacha elektromobillarni yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani haqida yozgan edi. 520 mlrd so‘mlik qiymatga ega investitsion loyiha prezident ishtirokidagi yig‘ilishda taqdim etilgandi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 520 mlrd so‘m bo‘lib, obyektning ishga tushirilish vaqti 2021 yilning noyabr oyiga belgilanganligi aytilgan edi.

Mart oyida Moliya vazirligi mamlakat ichida elektromobil xarid qilish va ularni vaqtincha olib kirish uchun to‘lovlarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritgan edi. 2020 yilda O‘zbekiston 2,9 mln dollar qiymatga ega 131 ta elektromobil import qilgan.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarilishi 2025 yilda boshlanishi haqida ma’lum qilgan edi.

2019 yilning sentabr oyida prezidentning Farg‘ona viloyatidagi «Qo‘qon» erkin iqtisodiyot zonasiga tashrifi chog‘ida «Shaffof omadli sanoat» xususiy korxonasi xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan birgalikda 2021 yildan elektromobillarni ishlab chiqarishni boshlashi haqida aytilgan edi. Elektromobilning narxi 3000 dollarga baholangan edi. Lekin o‘shandan beri loyiha haqida ma’lumot berilmadi.