Prezidentlik saylovida O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev poytaxt saylovchilari bilan uchrashuvda Toshkentdagi havoda chang miqdori belgilangan me’yorlardan 2 barobar ko‘pligini ta’kidladi.

«Qurilish maydonlarida changni bostiruvchi zamonaviy usullar va texnologiyalar keng joriy qilinishi shart va zarur bo‘ladi. Endi shaharda «yashil hudud"larni ko‘paytirish, ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi. Kelgusi yilda har bir tumanda sayilgoh hamda shahar bo‘yicha 25 ta «yashil hudud» va alleyalar tashkil etiladi», — dedi davlat rahbari.

Uning ta’kidlashicha, shahar hududidan oqib o‘tuvchi 28 ta kanalning 111 kilometr qirg‘oqlari mustahkamlanadi va sayilgohlar tashkil etiladi. Shuningdek, poytaxtning 60 kilometr kanal bo‘ylari, 250 kilometr piyoda yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekiladi.

Toshkent katta halqa yo‘lining atrofida manzarali daraxtlar ekilib, ixotazorlar tashkil etish orqali «yashil belbog‘» yaratiladi hamda piyoda va veloyo‘laklar tashkil etilishi qayd etildi.

Prezidentlikka nomzodning aytishicha, Chirchiq daryosining shahardan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar maydonda rekreatsion zona, piyoda yo‘laklari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qamrab olgan «Daryo bo‘yi» majmuasi barpo etiladi. Natijada shahardagi «yashil maydonlar» ulushi hozirgi 16 foizdan 30 foizga yetkaziladi.

Oldinroq, O‘zgidromet may oyida Toshkent shahrida kuzatilgan qum va changli bo‘ronlar shaharda jadal sur’atlar bilan olib borilayotgan qurilishlar sababli kelib chiqqanligini ta’kidlagan edi.

Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent va yirik shaharlarda yangi qurilishlar shahar tashqarisida bo‘lishini ta’kidlagan edi.