O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda poytaxdagi har bir mahallaga 10 mlrd so‘mdan ajratilishini ta’kidladi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident Toshkentdagi barcha mahallalarni obod qilish uchun har biriga 2 mlrd so‘mdan ajratilishi natija berganini ta’kidladi. «Mablag‘lar jamoatchilik takliflari va ularning bevosita nazorati ostida sarflanayotgani o‘z samarasini berdi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ushbu tajribani tizimli davom ettirib, ajratilayotgan mablag‘larni yanada ko‘paytirishini ta’kidladi.

«Buning uchun 575 ta mahallani rivojlantirish bo‘yicha shahar hokimligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi hamda har bir mahallaga 10 milliard so‘mdan ajratiladi. Bu shahar bo‘yicha qariyb 600 mln dollar mablag‘ deganidir», — deya qayd etdi amaldagi prezident.

Ushbu mablag‘larning 5 milliard so‘mi aholi takliflari asosida, ochiq va shaffof «Fuqarolar budjeti» tizimidan foydalanib, eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy va kommunal loyihalarga sarflanadi. Yana 5 milliard so‘mi esa mahallada bandlikni ta’minlash, kichik va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘dan samarali foydalanishga yangi ish boshlaydigan hokim yordamchilari mas’ul bo‘ladi.

Bundan tashqari, prezidentlikka nomzod Toshkent shahar hokimligida Poytaxt iqtisodiyoti va urbanizatsiya masalalari bilan tizimli shug‘ullanadigan ilmiy markaz ochilishini ham ta’kidladi. Ushbu markaz aholi orasida doimiy so‘rovlar o‘tkazib, mavjud muammolarning ilmiy yechimlarini ishlab chiqadi.

Joriy yilning aprel oyida Yashnobod tumanidagi «Parvoz» mahallasida bo‘lgan davlat rahbari Toshkentdagi barcha mahallalarni obod qilish uchun har biriga 2 mlrd so‘mdan ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Aholi obodonlashtirish ishlari vaqtida nimalar bilan to‘qnash kelganligi haqida «Gazeta.uz» oldinroq yozgan edi: gulzorlarning buzib tashlanishi, hovlilarning avtoturargoh uchun maydon qilinganligi, avvallari yashil hudud bo‘lgan joylarni va bolalar maydonchalarining betonlashtirilishi, shuningdek hamma joyda aksariyat holatlarda mantiqsiz ravishda baland qizil-kulrang bordyurlarning qo‘yilishi. Ko‘p hollarda obodonlashtirish ishlari aholi bilan maslahatlashuvlarsiz va mablag‘larni muhimroq ehtiyojlarga yo‘naltirish bo‘yicha ularning iltimoslarini inobatga olmagan holda amalga oshirilmoqda.

sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev obodonlashtirish dasturining amalga oshirilishi bo‘yicha munosabat bildirgan edi. «Katta qilib yarim metrli bordyur qo‘yyapti. Baraka topgur, mashinalar poyga o‘ynaydimi?», — deya so‘ragan edi u.

Toshkentda bordyurlarni o‘rnatishga qancha pul sarflangani, shuningdek Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan so‘ng obodonlashtirish uchun qilingan ishlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladimi, aniq emas. Poytaxt mahallalarida baland bordyurlarni o‘rnatish hozir ham davom etmoqda.

Avgust oyida deputat Nodir Abduvaliyev Toshkent aholisi bekordan-bekorga mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha shikoyat qilmayotganliklarini ta’kidlagan edi. Uning fikriga ko‘ra, ayrim hollarda qurilish ishlaridan so‘ng «joylar o‘zining qulayligidan mahrum bo‘lyapti». «Bu mahalliy ijro hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro muloqot, ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha tizimning yo‘qligini ko‘rsatadi», — deb hisoblaydi u.