18 oktabr kuni Apple kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan Apple Event onlayn taqdimotida kompaniya o‘zining yangi MacBook Pro kompyuterlarini namoyish etdi. Yangi MacBook`larga Apple kompaniyasi tomonidan eng so‘nggi texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan M1 Pro va M1 Max protsessorlari o‘rnatilgan. Shuningdek, taqdimotda yangi HomePod Mini qurilmalari, AirPods 3 quloqchinlari namoyish etildi.

M1 Pro va M1 Max protsessorlari

Ushbu ikkita yangi protsessorlar Apple tomonidan kompaniyaning xususiy kompyuterlari uchun maxsus ishlab chiqilgan. Yangi protsessorlar professional vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, avvalroq Apple tomonidan taqdim etilgan M1 protsessoridagi barcha kamchiliklar to‘g‘irlangan.

M1 Pro protsessorlari sekundiga 200 gigabit tezlikka teng bo‘lgan ichki xotira kuchiga ega bo‘lib, bu M1 protsessoriga nisbatan uch barobar tezroqdir. Shuningdek, M1 Pro 33 mlrd tranzistorga ega (M1 protsessoriga nisbatan ikki barobar ko‘proq). Yangi protsessor 10 yadroli CPU (markaziy protsessor) hamda 16 yadroli grafik protsessor kuchiga ega bo‘lib, M1`ga nisbatan samaradorlik ko‘rsatkichi 70%ga ko‘proq.

M1 Max — Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan eng katta va eng tez protsessor hisoblanadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu yangi protsessor hozirda mavjud professional noutbuklar orasida eng kuchli protsessor bo‘lib turibdi. M1 Max protsessorlari sekundiga 400 gigabit tezlikka teng bo‘lgan ichki xotira kuchiga ega. Shuningdek, M1 Max eng katta birlashtirilgan (yagona) xotira hajmiga ega protsessor hisoblanadi — 64 GB. Yangi protsessor o‘zida 10 yadroli CPU (markaziy protsessor) hamda 32 yadroli grafik protsessor kuchini mujassam etgan. M1 Pro 57 mlrd tranzistorga ega bo‘lib, oldingi protsessorlarga nisbatan 70%ga kamroq quvvat sarflaydi.

Apple`ning ta’kidlashicha, yangi protsessorlar kompyuterlar va raqobatchi kompaniyalar noutbuklaridan ikki barobar tezroq ishlaydi hamda kamroq quvvat sarflaydi.

Yangi protsessor-chiplar aynan ushbu taqdimotda namoyish etilgan Macbook Pro noutbuklariga qo‘yiladi.

MacBook Pro


Apple taqdimotda hoshiyasiz displey va kamera uchun maxsus «kokili»ga ega MacBook Pro noutbuklarini namoyish etdi. MacBook Pro ikki xil turda — 14 va 16 dyuymli versiyalarda sotuvga chiqariladi.

MacBook Pro noutbuklari Mini-LED yangi texnologiyasiga asoslangan Liquid Retina XDR displeyiga ega bo‘ldi. Apple yangi noutbuklarga MagSafe magnitli quvvatlash texnologiyasini qaytardi. Noutbuk 30 daqiqa ichida 50% quvvat olish imkoniyatiga ega. MacBook`larning o‘tgan yilgi versiyasida olib tashlangan bir qator qulayliklar — SD-xotira uchun uya va tashqi ekranlarni ulash uchun HDMI-port kabilar yangi noutbuklarga qaytarilgan. Ya’ni kompaniya o‘tgan yilgi taqdimotdan keyingi bir qator tanqidlar va foydalanuvchilar fikrini hisobga olgan.

Yangi MacBook`lar, shuningdek, qora hoshiyaga ega Magic Keyboard klaviaturasi bilan jihozlangan. Apple bu safar audio ustida jiddiy ishlagan va ushbu noutbuklardagi yangi tizim kompaniyadagi barcha noutbuklardagidan kuchliroq hamda jarangdorroq ekanligi aytilmoqda.


MacBook Pro`ning eng kuchli versiyasi 64 Gb birlashtirilgan (yagona) xotiraga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 30 gacha qatordan iborat 4K videoni yoki 8K sifatli 7 qatorli videotasmani montaj qila olish kuchiga ega.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, MacBook Pro`dan akkumulyatorga ulagan holda foydalanayotganda ish sifati va ishlash tezligi yomonlashmaydi. MacBook Pro leptopining 14 dyuymli modelida quvvat video ko‘rish holatida 17 soatgacha, 16 dyuymli modelida esa 21 soatgacha yetadi.

Qurilma ikkita ventilyatorli yangi sovutish tizimi bilan jihozlangan, bu korpus orqali avvalgidan 50%ga ko‘proq havo o‘tkazish imkonini beradi. Apple MacBook`ning ichki qismini optimallashtirdi va yuqori quvvatda ishlayotgan paytda ham hech qanday tovush yoki issiqlik chiqarmasligi ta’kidlanmoqda.

MacBook Pro`ning 14 dyuymli modelining boshlang‘ich bahosi $1999, 16 dyuymli modelining narxi esa $2499 deb baholanmoqda. Buyurtmalar esa 18 oktabrdan qabul qilina boshlandi.

Bundan tashqari, taqdimotda AirPods Pro simsiz quloqchinlarining uchinchi avlodi namoyish etildi. Yangi quloqchinlar suv o‘tkazmaydigan himoya qoplamiga ega bo‘ldi va fazoviy audio funksiyasi bilan yangilandi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, AirPods Pro`ning quvvati 6 soat tanaffuslarsiz musiqa eshitishga yetar ekan. Quvvatlantiruvchi qutichadan foydalangan holda esa quloqchinlar quvvati 30 soatgacha yetishi mumkin. Yangi quloqchinlar $179 deya baholanmoqda va ular kelasi haftadan boshlab sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, Apple o‘zining Siri yordamchi-tizimiga birlashtirilgan yangi «aqlli» karnaylarini — HomePod mini`larni namoyish etdi. Ushbu qurilma Apple HomePod`ning kichraytirilgan versiyasi bo‘lib, u Bluetooth orqali musiqa eshitish imkonini beradi. HomePod mini «aqlli» karnaylarini uydagi barcha Apple qurilmalari bilan birlashtirish yoki karnay orqali ularni boshqarish mumkin. Ushbu qurilmaning narxi $99 deya baholanmoqda.

sentabr oyidagi taqdimotda Apple yangi iPhone 13, iPad va soatlarini taqdim etgan edi.