Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28,2 mlrd dollarga teng bo‘ldi, deya xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra eksport hajmi 10,3 mlrd dollarni, import hajmi esa 17,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Tashqi savdoda 7,6 mlrd dollar miqdorida passiv balans kuzatilgan.

Tashqi savdo aylanmasida import hajmi eksport hajmiga qaraganda yirikroq hajmda o‘sib bormoqda. Joriy yilda eksport tarkibida oltin eksporti hajmining keskin qisqarishi tashqi savdo asosiy ko‘rsatkichlari shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, eksport va import hajmlari orasidagi farqning yanada yiriklashishiga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, 2021 yilning ikkinchi choragida oltin eksporti hisobiga eksport hajmi birinchi chorak yakuniga nisbatan qariyb uch barobarga o‘sgan. Uchinchi chorakda esa eksport hajmi o‘sish sur’ati pasaygan. Import hajmi uchinchi chorakda yanvar-iyun natijalariga nisbatan 1,6 barobardan ziyodga o‘sgan.

Ko‘rsatkichlar
2021 yil I chorak
2021 yil II chorak
2021 yil III chorak
Tashqi savdo aylanmasi
7,1
18,0
28,2
Eksport
2,4
7,0
10,3
mahsulotlar
1,9
4,5
8,5
xizmatlar
0,5
1,1
1,8
oltin
-
1,4
-
Import
4,7
11,0
17,9
mahsulotlar
4,3
10,3
16,7
xizmatlar
0,4
0,7
1,2

2021 yilning I-III choraklarida tashqi savdo asosiy ko‘rsatkichlari, mlrd dollarda. Manba: Statistika qo‘mitasi

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi tarkibi

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida tashqi savdo aylanmasi tarkibi quyidagicha:

  • Eksport — 10,3 mlrd dollar
    • Sanoat mahsulotlari — 3,1 mlrd
    • Xizmatlar — 1,8 mlrd
    • Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar — 921,3 mln
    • Kimyoviy mahsulotlar — 741,7 mln
    • Mineral yoqilg‘ilar va moylash mahsulotlari — 636,5 mln
    • Turli tayyor mahsulotlar — 574,2 mln
    • Mashina va asbob-uskunalar — 492,4 mln
    • Nooziq-ovqat mahsulotlari — 388,1 mln
  • Import — 17,9 mlrd dollar
    • Mashina va transport asbob-uskunalari — 6 mlrd
    • Sanoat mahsulotlari — 3,3 mlrd
    • Kimyoviy mahsulotlar — 2,5 mlrd
    • Oziq-ovqat mahsulotlari — 1,7 mlrd
    • Xizmatlar — 1,2 mlrd
    • Turli tayyor mahsulotlar — 1 mlrd
    • Mineral yoqilg‘ilar va moylash mahsulotlari — 900 mln
    • Nooziq-ovqat mahsulotlari — 881 mln.

Mamlakat eksportining qariyb yarmi sanoat mahsulotlari hamda xizmatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Import tarkibining uchdan bir qismini mashina va transport asbob-uskunalari tashkil etadi. Shuningdek, sanoat mahsulotlari va kimyoviy tovarlar import tarkibida sezilarli ulushga ega.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning birinchi yarmi yakuniga respublikaning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 2,1 mlrd dollarga yoki 13,6% ga ko‘payganligi xabar qilingan edi.