O‘zbekiston prezidenti saylovlari tarixida birinchi marta teledebat namoyish etiladi. Unda prezidentlikka nomzodlarning vakillari o‘rtasida bahs-munozara tashkil etiladi.

19 oktabr kuni soat 17:00 da O‘zbekiston milliy teleradiokanallari orqali O‘zbekiston prezidenti saylovida nomzodlarning vakillari o‘rtasidagi teledebat namoyish etiladi. Teledebatlarni «O‘zbekiston24», «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Mahalla» va «Madaniyat va ma’rifat» telekanallari orqali tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida «O‘zbekiston24» va «O‘zbekiston» kanallarida debatlar surdotarjima bilan taqdim etiladi. «Yoshlar» va «Toshkent» kanallarida debatlar ruscha tarjimada, «Madaniyat va ma’rifat» kanalida esa inglizcha tarjimada beriladi.

Bundan tashqari, MTRKning onlayn platformasi uztv.uz orqali ham teledebatlarni tomosha qilish mumkin bo‘ladi.