Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov So‘x tumaniga tashrifi doirasida tumanda qurilish ishlari yakunlanayotgan yangi aeroport bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

So‘x tumanining Navobod MFY hududida barpo etilgan aerodrom maydoni 7 gektar bo‘lib, uzunligi 700 metrni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, qurilish ishlari uchun davlat budjetidan 6 mlrd 800 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunda uchish maydonchasi, kutish zali, ovqatlanish shaxobchasi, savdo nuqtasi, dam olish joylarini o‘zida qamrab oladigan zamonaviy majmua tashkil etilmoqda. Yaqin kunlarda sinov uchishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

Aeroport qurilishi prezidentning 2020 yil 8 avgustdagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan.

«Viloyat hokimi aeroport uchish yo‘laklari, kutish va xizmat ko‘rsatish zalida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. So‘nggi ishlarni yakuniga yetkazishni tezlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatlmalar berdi», — deyiladi xabarda.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

Xayrullo Bozorov shu yerning o‘zida viloyat hududiy elektr tarmoqlari, Farg‘ona suv ta’minoti, viloyat Hududgaz ta’minoti korxonalari, viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi hamda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev ishtirokida tumanda ushbu sohalarda joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan ishlarning borishi yuzasidan muhokama o‘tkazdi.

Mas’ullarga o‘z yo‘nalishlarida belgilangan vazifalarni muddatida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan qat’iy topshiriq berildi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida aerodrom qurilishi boshlangani haqida xabar berilgan edi. 4,5 gektar yer maydonida quriladigan aerodromning uchish va qo‘nish maydonchasi 650 metr uzunlikka ega bo‘lishi aytilgan. Loyiha qiymati 12 mlrd so‘mga baholangandi.

Bundan tashqari, An-2 samolyotlari, Humo AIR i Uzbekistan Helicopters kompaniyalarining Mi-8 vertolyotlarida parvozlar amalga oshirilishi xabar qilingandi. Qolaversa, Qo‘qon shahridan ham reyslarni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.