6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar quriladi

2022 yil 1 oktabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yo‘lovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi. Shuningdek, keyingi yilning 1 iyuliga qadar 7 ta metro bekatida transport o‘tish bog‘lamalari tashkillashtiriladi.

Metropoliten “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidan chiqariladi

“Toshkent metropoliteni” kompaniyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidan chiqariladi va Transport vazirligi tizimiga o‘tkaziladi. Metro temir yo‘llar tizimiga 2016 yilda o‘tkazilgan edi, undan oldin “Toshshahartransxizmat” tarkibiga kirardi.

O‘zbekiston hududlarida qancha aholi yashaydi?

1 oktabr holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida 4 mln 8 ming 843 kishi yashab kelmoqda. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 3,8 mln kishi, Qashqadaryo viloyatida 3,3 kishi istiqomat qiladi. Toshkent shahrida 2,8 mln kishi doimiy yashamoqda.

Uch kunda Termizga Afg‘oniston uchun 100 tonna gumanitar yuk olib kelindi

BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan uch kunda Termez xalqaro aeroportiga Afg‘oniston uchun 100 tonna gumanitar yuk olib kelindi. Yuklar Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga “Termiz — Hayraton” chegara punkti orqali yetkaziladi. Unga qadar esa Termez Cargo Centre logistika markazida saqlanadi.

Prezidentning o‘z belgisi va shtandarti bo‘ladi

Deputatlar davlat rahbarining o‘z belgisi va shtandartini (bayrog‘i) joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Ular saylangan prezidentga uning qasamyodidan keyin topshiriladi.

So‘x aeroporti tez kunlarda foydalanishga topshiriladi

Farg‘ona viloyati hokimi So‘x tumanida qurilish ishlari yakunlanayotgan yangi aeroportni borib ko‘rdi. 7 gektar maydonda joylashgan aerodrom loyihasi avvaliga 12 mlrd so‘mga baholangan edi, qurilish yakuni bo‘yicha budjetdan 6,8 mlrd so‘m ajratilgani aytilmoqda.

Paxta terimi mexanizatsiyasini 5 yilda 60%ga yetkazish rejalashtirilmoqda. Uni 2016 yilda 80%ga yetkazish rejalashtirilgan edi

Prezidentning ma’lum qilishicha, keyingi 5 yilda paxta terimi mexanizatsiyasi 15%dan 60 ga yetkaziladi. 2013 yilda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev 2016 yildan 80−90% paxta hosilini mashinada terishga o‘tilishi rejalashtirilganini aytgan edi. Bir necha yildan buyon mamlakatda paxta terimi mashinalarining tanqisligi kuzatilmoqda.

AQSh mudofaa vaziri yordamchisi O‘zbekistonda chegara xavfsizligi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi

AQSh mudofaa vaziri yordamchisi Kristofer Mayer boshchiligidagi idoralararo delegatsiya Toshkentda chegara xavfsizligi masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum.

Prezident saylovi tarixida birinchi teledebat. Unda nomzodlar vakillari ishtirok etadi

19 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti saylovlari tarixida ilk marotaba teledebat namoyish etiladi. Unda prezidentlikka nomzodlarning vakillari qatnashadi. Teledebatni soat 17:00da “O‘zbekiston24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” va “Madaniyat va ma’rifat” kanallari orqali ko‘rish mumkin.

Sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Lactalis kompaniyasi O‘zbekiston bozorini egallamoqda

Lactalis barcha turdagi sut mahsulotlarini sotishni va O‘zbekiston bozorida sut ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalaridan biriga aylanishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston va Afg‘onistonning yangi hukumati munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqadi

Termezdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamkorlikning bir nechta sohalari bo‘yicha ishchi guruhlar tuzishdi. 10 kun ichida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va uni ikki davlat yetakchilariga taqdim etish rejalashtirilmoqda.

AQSh O‘zbekistonga 526,5 ming doza Pfizer vaksinasini yubordi

AQSh hukumati O‘zbekistonga 526 500 doza Pfizer/BioNTech vaksinasini yetkazib berdi. Oy oxirigacha mamlakatga ushbu vaksinadan yana 274,5 ming doza olib kelinadi.

Parkent tumani tibbiyot birlashmasi mansabdorlari 1,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirdi

Parkent tumani tibbiyot birlashmasi mansabdorlari 1,5 mlrd so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani aytilmoqda. Ularga “qamoq” va “uy qamog‘i” ehtiyot choralari qo‘llanilgan. Prokuratura jinoyat ishini sudga oshirdi.

Toshkentdagi birinchi Burger King restoranlari qayerda ochiladi?

Toshkentda uchta Burger King restoranlari ochilishi kutilmoqda. Ular Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi va Chilonzor 25-mavzesida joylashadi.

1 noyabrdan mingta xonadonli MFYlar xodimlari maoshi 35 foizga oshiriladi — prezident farmoni

Prezident farmoni bilan 1 noyabrdan hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan MFY xodimlari oylik maoshi 35 foizga oshiriladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Hukumat 2022 yilda YAIM 5,9 foizga o‘sishini prognoz qildi

Hukumat 2022 yilda YAIMning 5,9 foizga o‘sishini prognoz qildi. Inflyatsiya darajasini 2022 yilda 9 foizgacha, budjet defitsitini esa YAIMga nisbatan 3% pasaytirish ko‘zda tutilmoqda. 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM miqdorini 4000 dollardan oshirish ko‘zda tutilmqoda.

Toshkentda 10 kun ichida tez yordamga bemor bolalar bo‘yicha 13,8 mingta chaqiriq kelib tushgan

10 kun oralig‘ida poytaxt tez yordam xizmatiga bemor bolalar bo‘yicha kelib tushgan chaqiriqlar soni 13 ming 820 taga yetdi. oktabr oyida bolalar bo‘yicha shahar tez yordamga bo‘layotgan kunlik murojaatlar o‘rtacha 1300−1500 tani tashkil qilmoqda.

Deputat yordamchisi instituti joriy etildi

Deputat yordamchisi institutini joriy etishga oid qonun qabul qilindi. Yordamchi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va sudlanmagan bo‘lishi lozim. U deputat va saylovchi o‘rtasidagi muntazam aloqani yaxshilashga ko‘maklashadi.

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28 mlrd dollardan oshdi

Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28,2 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Tashqi savdo saldosi 7,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Uchinchi chorakda import hajmida eksport hajmiga qaraganda jadalroq o‘sish kuzatildi.

Ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasidan foydalanish tartibi belgilandi

Ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Yerto‘ladad do‘konlar, kioskalar, do‘konchalar va boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish mumkin. Yerto‘lalar faqat kvartira egalarining roziligi bilan ajratiladi.