«Toshkent metropoliteni» UK «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibidan Transport vazirligi tizimiga o‘tkazilib, «Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasiga o‘zgartirildi. Bu haqda 16 oktabr kuni imzolangan Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarorida aytilgan, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Metropoliten rahbari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi.

«Toshkent metropoliteni» 2024 yil 1 yanvargacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan va tegishli ro‘yxat bo‘yicha import tovarlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Qaror bilan shuningdek, 2021−2023 yillarda Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. So‘nggi oylarda metropolitenda qator nosozliklar, jumladan poyezdlar to‘qnashuvi va to‘xtab qolishi haqida xabar berilgan edi.

Toshkent metropoliteni Vazirlar mahkamasining 2016 yil oktabr oyidagi qarori bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» tuzilmasiga kiritilgan edi. Uning rahbari bir vaqtning o‘zida «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisining o‘rinbosari hisoblanardi. Oldinroq metropoliten poytaxt yo‘lovchilar transportini boshqaruvchi «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi tuzilmasiga kirardi. Metropolitenning amaldagi rahbari Toshkentning sobiq hokimi va sobiq transport vazirining o‘rinbosari Rahmonbek Usmonovdir.