18 oktabr kuni prezident «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshiriladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlari tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

MFY xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan — tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi.

Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari quyidagilardan iborat:

  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining (moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘larini inobatga olmagan holda) 10 foizi miqdoridagi budjet mablag‘lari;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 3 foizi miqdoridagi ajratma;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablag‘lar;
  • homiylik mablag‘lari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Tuman (shahar) hokimliklariga tegishli bo‘lgan MFYlari tomonidan foydalanib kelingan bino hamda inshootlar tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini ta’minlaydi.

Moliya vazirligi 2021 yilda barcha MFYlarga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 9,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratadi. 2022 yildan esa ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutiladi.