Vazirlar Mahkamasida 2021 yilning kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar va 2022 yil uchun Davlat budjetining loyihasi muhokama qilindi, deb yozmoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, dastlabki statistik ma’lumotlar shu yilning 9 oylik yakunlari bilan respublikada YAIM 6,9 foizga o‘sganligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu davrda 338 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi. 77 mingga yaqin yangi tadbirkorlik subyekti o‘z ishini boshladi. Investitsiyalar hajmi YAIMga nisbatan 32 foizni tashkil qildi.

9 oyda eksport hajmi, oltin eksportini inobatga olmagan holda 34,1 foizga o‘sib, 8,9 mlrd dollarni tashkil etgan.

2021 yil yakuni bo‘yicha mamlakat YAIM o‘sishi 6,5−7 foiz atrofida bo‘lishi, bunda sanoatda ishlab chiqarish hajmi — 9,1, qurilish ishlari hajmi — 6,6, xizmatlar sohasi — 8,6 va Qishloq xo‘jaligi — 2,8 foizga ko‘payishi kutilmoqda.

oktabr boshida Jahon banki O‘zbekistonning YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozini qaytadan ko‘rib chiqib, uni 4,8 foizdan 6,2 foizga oshirgan edi.

Mamlakatning o‘rta muddatli makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozining asosiy ssenariysida kelgusi 5 yilda YAIMning o‘rtacha o‘sish sur’ati 6,5 foizda bo‘lishi prognoz qilingan. «Xususan, 2022 yilda YAIMning 5,9 foizga o‘sishi, kelgusi yillarda esa o‘sish sur’atlarining bundan yuqori bo‘lishi hisob-kitob qilingan», — deyiladi xabarda.

Hukumat oldida 2026 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM miqdorini 2800 dollarga yetkazish va 2030 yilga borib esa 4000 dollardan oshirish va o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish vazifasi turgani ta’kidlangan.

«Makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, xususan, inflyatsiya darajasini 2022 yilda 9 foizgacha, o‘rta muddatda 5 foizgacha pasaytirish, davlat qarzini mo‘’tadil darajada ushlab turish hamda davlat budjeti taqchilligini kelgusi yilda 3 foizdan oshirmaslik lozimligi belgilab olindi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 2022 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 2 foizdan 1,5 foizgacha pasaytirish reja qilingan.

Foyda solig‘i hisoblashda investitsiyaviy chegirma miqdorini yangi texnologik uskunalar uchun 10 foizdan 20 foizgacha, binolar uchun 5 foizdan 10 foizgacha oshirish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, amortizatsiya normalarini o‘rtacha 2,5 barobarga oshirish taklif qilinmoqda.

Shu qatorda, 2022 yilgi davlat budjeti loyihasida ijtimoiy sohaga mablag‘ ajratilishining ustuvorligi ta’minlangan holda, ularning salkam 45 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilmoqda.

Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalariga hamma tadbirlarni va tarbiyalanuvchilar soni oshganligini inobatga olgan holda joriy yilga nisbatan 2,2 trln so‘m ko‘paytirilib, 8,7 trln so‘m, xalq ta’limiga 30,3 trln so‘m (6,5 trln so‘mga ko‘p), o‘rta maxsus va oliy ta’limga 7,5 trln so‘m (3,1 trln so‘mga ko‘p) mablag‘ ajratilmoqda.

Kelgusi yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 22,6 trln so‘m yoki jami xarajatlarning 11 foizi yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

2022 yilda ijtimoiy nafaqa oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2021 yildagi o‘rtacha 1,2 mlndan 1 mln 440 minggacha oshib, jami oilalarning 16,5 foizi qamrab olinadi. Tuman va shaharlar budjetlarining 5 foizi, ya’ni 1,4 trillion so‘m mablag‘ «Ochiq budjet portali» orqali bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, ish haqi, ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar va pensiyalar miqdorini inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atlarda oshirish uchun budjet loyihasida yetarli mablag‘lar ko‘zda tutilganligi aytilmoqda.

2022 yil budjetnomasida xalqaro moliya institutlari ekspertlari texnik ko‘magi asosida ishlab chiqilgan, vazirlik va idoralarning navbatdagi uch yillik budjet xarajatlari bo‘yicha rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari aks ettirilmoqda.

2022 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini joriy yilda kutilayotgan YAIMga nisbatan 5,5 foizdan 3,0 foizgacha pasaytirish lozimligi belgilab olindi.

Majlisda bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda 2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va budjetnoma Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Hukumat qayd etgan prognozlar prezidentlikka O‘zLiDeP nomzodi va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ham nazarda tutilgan edi.