2021 yil oxiriga qadar Toshkentda uchta Burger King restoranlari ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Spot nashri o‘z manbalariga tayanib xabar qildi.

Kompaniya Toshkentdagi birinchi uchta restoranida xodimlar uchun bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilgan. Ular Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi va Chilonzor 25-mavzesida ochiladi.

Oldinroq xabar berganimizdek, Burger King O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda. Kompaniya hozirda ishchilarni yollamoqda va yil oxiriga qadar birinchi restoranlarini ochishni rejalashtirgan. Birinchi bosqichda fudkort formatida ishlash ko‘zda tutilgan.

Burger King Uzbekistan — bu franshiza. Mamlakatda ushbu restoranlar tarmog‘ini rivojlantirish uchun Burgerhouse MCHJ mas’ul. Ko‘plab xodimlar uchun o‘qitish Moskvada bo‘lib o‘tadi.

Burger King 1954 yilda AQShda tashkil topgan. Gamburgerlarga (asosan vopperlar) ixtisoslashgan tez ovqatlanish restoranlari tarmoqlari orasida dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Kompaniya restoranlariga har kuni 11 mlndan ortiq kishi tashrif buyuradi.