Hukumat qarori bilan ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, yerto‘ladan foydalanish ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining roziligiga asosan amalga oshiriladi.

Yerto‘ladan joylar faqat yerto‘lada shug‘ullanilishi mumkin bo‘lgan quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirish uchun beriladi:

  • oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qilish (do‘konlar, kioskalar, do‘konchalar va boshqalar);
  • maishiy xizmat ko‘rsatish (sartaroshxona, poyabzal tikish va ta’mirlash, optika, soat sozlash ustaxonalari, tikuvchilik va kashtachilik, atele);
  • umumiy ovqatlanish (restoranlar, kafe, kafeteriylar, muzqaymoq va chanqovbosdi ichimliklar barlari, gazakxonalar);
  • bank xizmatlari ko‘rsatish (banklarning bo‘limlari va valyuta almashtirish punktlari);
  • aloqa xizmatlari ko‘rsatish (pochta bo‘limi) va kurerlik faoliyati;
  • gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan savdo qilish;
  • bijuteriya va jevaklarni tayyorlash va ta’mirlash;
  • gulchambarlar, sun’iy gullar va gul marjonlarini tayyorlash;
  • rassomlik va haykaltaroshlik;
  • xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlarning ofislari hamda idoralari;
  • video va fotosuratga olish, kompyuter xizmatlari;
  • tarjima va tahrir xizmatlari;
  • dizayn, chizmachilik-grafika xizmatlari;
  • kiyim-kechak va idishlarni ijaraga berish xizmati;
  • rieltorlik faoliyati;
  • gazlamalarga naqshlar solish, trafaretli bosma va qo‘lda rasm chizish xizmatlari;
  • jismoniy tarbiya va sport muassasalari faoliyati;
  • davlat tashkilotlarini joylashtirish;
  • sug‘urta tashkilotlarini joylashtirish.

Mazkur faoliyat turlarini yong‘inga qarshi va texnik shartlarning minimal talablari asosida tashkil etishga ruxsat beriladi.

Adliya vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • uyni qurishda o‘tiriladigan joylari soni loyiha hujjatlarida nazarda tutilmagan, shuningdek, soat 23:00dan keyin ham ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafelar, kafeteriylar, barlar;
  • kimyoviy tovarlar, sabzavot va baliq mahsulotlarini, shuningdek, gaz ballon, kimyo vositalari, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda portlab yonish xavfliligi jihatidan xavfli bo‘lgan boshqa moddalar va materiallar bor bo‘lgan mahsulotlarni sotuvchi do‘konlar;
  • o‘z ishlab chiqarishida tez yonuvchi moddalarni qo‘llovchi kimyoviy tozalash xonalari;
  • 10 tadan ortiq ish o‘rniga ega bo‘lgan poyabzal tikish va ta’mirlash ustaxonalari;
  • hammomlar va saunalar;
  • aloqa tarmoq stansiyalari, shaharlararo aloqaning kecha-kunduz foydalaniladigan so‘zlashuv punktlari va telegraf;
  • jamoat hojatxonalari;
  • marosimlar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish muassasalari;
  • sanoat korxonalari faoliyatining barcha turlari;
  • uy hayvonlari va parrandalari boqishga yoki ko‘paytirishga mo‘ljallangan joylar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning transport vositalari uchun garajlar (maxsus loyixa asosida qurilgan garajlar bundan mustasno);
  • yashash joylari, kinoteatr, yotoqxona va mehmonxonalar tashkil etish.

Yerto‘ladan foydalanganlik uchun to‘lanadigan ijara to‘lovlarining eng kam miqdorlari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.

Ijara to‘lovlari ushbu ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlash xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Yerto‘ladan foydalanuvchi tomonidan uni boshqa shaxslarga sotish, hadya etish, garovga qo‘yish va ijaraga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yerto‘la yoki uning bir qismini yerto‘ladan foydalanuvchiga berish ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishining qarori asosida amalga oshiriladi. Umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab umumiy yig‘ilishda hozir bo‘lgan joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining 50 foizidan ko‘proq ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.

Shuningdek, yerto‘ladan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:

  • ko‘p kvartirali uyning yon-atrofidagi yo‘laklarda, fasad qismlarida, umumiy foydalanish hududlarida har xil ko‘rsatkichlar, peshlavhalar, flagshtoklar, me’morchilik detallari, reklamalar, palatkalar, turli yozuvlar, afishalar, plakatlar, har xil e’lonlar va boshqalarni ko‘p kvartirali uyni boshqarish organining yozma roziligisiz o‘rnatish;
  • yerto‘ladan foydalanish natijasida maishiy va boshqa chiqindilarni belgilanmagan joylarga to‘kish, tashlash va yoqish;
  • favqulodda vaziyatlarda yerto‘ladagi o‘tiladigan joylar, umumiy yo‘laklar, qo‘shimcha o‘tish va chiqish joylarini turli buyumlar va asbob-uskunalar bilan tirband qilish va h.k.

Avgust oyida Toshkentda xizmat ko‘rsatish sohasida 415 mingdan ortiq ish o‘rinlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu yangi tadbirkorlik subyektlari va tunu kun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etish, o‘zini o‘zi band qilish, birinchi qavat va yerto‘lalarni ijaraga berish orqali amalga oshirilishi aytilgan.