7−17 oktabr kunlari Toshkent shahar «tez yordam» xizmatiga bemor bolalar bo‘yicha jami kelib tushgan chaqiriqlar soni 13 ming 820 tani tashkil etdi. Bu haqda SSV axborot xizmati Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyevga tayanib xabar berdi.

Chaqiriqlardan tana harorati ko‘tarilgan, O‘RVI va pnevmoniya holatlari kuzatilgan 10 ming 474 nafar bolaga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilgan, zotiljamga chalingan 41 nafar bola esa gospitalizatsiya qilingan.

«Odatda kuz-qish oylari gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr hisoblanadi. Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi», — deydi Doniyor Bo‘riboyev.

Uning ta’kidlashicha, «joriy yil kuz faslining ilk oyi biroz salqin kelishi bu holatni yanada tezlashtirib, bolalarning gripp va o‘tkir respirator kasalliklar (O‘RK) bilan og‘irishi ko‘p kuzatilmoqda».

«Bu esa o‘z-o‘zidan «103»ga bo‘layotgan chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab bo‘lmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Qayd etilishicha, oktabr oyining o‘tgan davri mobaynida bemor bolalar bo‘yicha shahar «103» xizmati call markaziga bo‘layotgan kunlik murojaatlar soni o‘rtacha 1300−1500 tani tashkil qilyapti. Eng ko‘p chaqiriq 8 oktabr sanasiga to‘g‘ri kelib, shu kuni 2025 ta murojaat qabul qilingan.