15 oktabr kuni Afg‘onistonning Qandahor viloyatidagi Bibi-Fotima shialar masjidi portlatildi. Bakhtar agentligining ma’lumotlariga tayanib TASSning xabar berishiga ko‘ra, uchta xudkush terrorchi juma namozi vaqtida ushbu portlashni yuzaga keltirgan. Natijada kamida 62 nafar kishi halok bo‘lgan, 68 kishi jarohatlangan.

«Tolibon» hukumati ushbu teraktni qoralab, uni tashkillashtirishda «Xurosondagi Islom davlati» terrorchilik guruhi jangarilarini aybladi. Bu tashkilot «Islom davlatining» tarkibiga kiradi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ushbu terrorchilik harakti bo‘yicha bayonot berdi.

«O‘zbekiston 2021 yil 15 oktabr kuni Qandahor viloyatidagi masjidda sodir etilgan hamda ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelgan navbatdagi terrorchilik harakatini keskin qoralaydi. Bunday g‘ayriinsoniy hujumlar vaziyatning yanada keskinlashuviga olib keladi va Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi», — deyiladi bayonotda.

Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston hukumatining mamlakatda bu kabi hodisalarning oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish harakatlarini olqishlashini ta’kidladi.

«O‘zbekiston Hukumati halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy ta’ziya izhor etadi, shuningdek, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaydi», — deyiladi vazirlik xabarida.