«Tolibon» bosh vaziri o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy boshchiligidagi harakat delegatsiyasi 16 oktabr kuni O‘zbekistonga jo‘nab ketdi, deb xabar beradi delegatsiya a’zosi Inamulla Samanganiy Twitter sahifasida.

«Tashrif chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik va boshqa masalalar muhokama qilinadi», — dedi Inamulla Samanganiy shanba kuni ertalab.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Termizda Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi yuqori darajali delegatsiya bilan muzokara o‘tkazadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati delegatsiya va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida muzokaralar boshlanganini ma’lum qildi.

Dastlab, ikki tomonning uchrashuvi juma kuni kutilgan edi, lekin uni shanba kuniga qoldirishga qaror qilindi.

7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini, jumladan, «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish tarmoqlari va «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo‘shma muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldilar.