Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Tashkent city» ishbilarmonlik markazidagi dam olish va istirohat bog‘ini kelgusida xususiylashtirish va saqlash (ekspluatatsiya) yuzasidan «Master plan» ishlab chiqish uchun professional tashkilotni tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qildi. «Tashkent city» XIM Ma’muriy kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Professional tashkilotning taklifi quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

a) obyektning tavsifi;

b) obyektni kelgusida samarali boshqarish, yaratilgan ish o‘rinlarini saqlab qolish, daraxtlar va butalarni kesmaslik hamda obyekt hududida kapital qurilish ishlarini amalga oshirmaslik kabilarni inobatga olgan holda:

  • xaridorlar (investorlar) uchun obyektni xususiylashtirish bo‘yicha belgilanadigan talablar;
  • obyektni xususiylashtirishning shartlari va shakllari;
  • potensial xaridorlarni saralash uchun qo‘yiladigan talablar;
  • xususiylashtirishdan oldin va undan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, ularning sabablari va yechimi yuzasidan «Master plan»ning batafsil tavsifi hamda ishni tashkil etish bo‘yicha professional tashkilotning oqilona tavsiyalari (40 ballgacha);

v) xizmat haqi taklifi. Bunda, xizmat haqi miqdori taklif etilayotgan «Master plan»ning strategiyasiga bog‘liq. Ish haqi miqdori va boshqa joriy harajatlar aniq ko‘rsatilishi kerak (40 ballgacha);

g) professional tashkilotning shunday xizmatlarni amalga oshirishdagi mavjud tajribasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (10 ballgacha);

d) «Master plan»ni ishlab chiqish nuqtai nazaridan tanlov bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan taklif. Taklif qilinayotgan tanlovda ishtirok etadigan jamoa to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari (nomlari) va ular haqidagi ma’lumotlar: ish tajribasi va mazkur sohadagi faoliyati muddati (10 ballgacha);

ye) belgilangan vazifalarni bajarish uchun yetarli vakolat, shuningdek inson, vaqt, moddiy resurslar mavjudligi to‘g‘risida yozma ariza.

Takliflar 25 oktabr soat 17:00gacha (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinadi.