Prezidentlikka O‘zLiDeP nomzodi va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev «Milliy Tiklanish» partiyasi nomzodi Alisher Qodirovning mamlakat taraqqiyoti uchun migrantlarning soliq to‘lashi kerakligi haqidagi taklifini tanqid ostiga oldi.

U bu haqda Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi «Astrum» IT-akademiyasi majmuasida saylovchilar bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda ta’kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev nomzod sifatida bu masala bo‘yicha o‘zining pozitsiyasini ma’lum qildi.

«Hozirda 2,5 milliondan ziyod fuqarolarimiz xorijda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Ular topayotgan daromadlaridan xorijda soliqlarni to‘liq to‘lab, qolgan qismini o‘z oilasiga jo‘natmoqda. Vatandan uzoqda mehnat qilib, ham o‘zini, ham oilasini boqayotgan yurtdoshlarimizga, faqat rahmat aytish kerak. Ularni men o‘z farzandlarim deb bilaman. O‘tgan vaqtda biz ham ularni qo‘llab-quvvatlash uchun choralar ko‘ryapmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarning faoliyati soliqqa tortiladigan daromadga kirmaydi.

«Bir narsani aniq tushunib olish kerak: bu — soliqqa tortiladigan daromad emas. Fuqaromiz o‘z oilasiga bergan ko‘magini, daromad deb soliqqa tortib bo‘lmaydi», — deya qayd etdi O‘zLiDeP nomzodi.

U «migrantlar uing fidoyi farzandlari» ekanligini ta’kidladi. «Bir paytlar ularga nisbatan noto‘g‘ri ta’rif ishlatilgan edi. Lekin men bu fikrga qo‘shilmaganman. O‘zingiz o‘ylang, ular nima uchun xorijga ishga ketishgan? Noilojlikdan! Agar biz bu yerda ish bilan ta’minlab berganimizda ular xorijga ketarmidi? Yo‘q! Mana, 90-yillarda migrantlar yo‘q edi-ku», — deya so‘zida davom etdi u.

«Viloyatdan chet elga ketib, mehnat qilayotgan fuqarolarimiz imkon qidirib ketishgan. Imkon qidirgan odam fidoyi odam bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda chetda yuradiganlarni daromad solig‘ini tortish haqida gap chiqdi. Bu mutlaqo asossiz gaplar», — dedi u.

«Ishontirib aytmoqchimanki, agar men shu yurtda rahbar bo‘lib ishlasam, ular hech qachon soliqqa tortilmaydi. Aksincha, ularga O‘zbekistonda sharoit yaratib berishga harakat qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Amaldagi prezidentning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida departament ochilgan, migrantlarning hayoti va sharoitini yaxshilash, kasbga o‘rgatish uchun harakatlar qilinyapti.

«Musofir bo‘lmagan musulmon bo‘lmaydi, deyishadi. Men fidoyi farzandlarimizga murojaat qilmoqchiman — ko‘ngillaring to‘q bo‘lsin! Biz yangi soliq yaratish emas, imkon qadar soliqlarni kamaytirish to‘g‘risida o‘ylaymiz. Men kecha MDH davlatlari yig‘ilishida ham migrantlar masalasini ko‘tardim, ularning xavfsizligi, sog‘ligi bo‘yicha takliflarimni aytdim. Endi ular bizdan ishchilar jo‘natishimizni so‘rashyapti. Men ulardan yurtdoshlarimizni o‘qitishlarini va munosib ish berishlarini so‘rayapman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi. «Kelinglar endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin», — dedi u.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Twitter va Telegram foydalanuvchilari hamda migrantlar uning taklifiga qarshi faol fikr bildira boshladi. «Gazeta.uz» ayrim fikr-mulohazalarini taqdim etgandi. Foydalanuvchilardan biri: «Qodirov ochko yo‘qotish uchun atay shunaqa gapirtirilganmi?»,degan fikrni ham ilgari surgan edi.