Bugunga kelib o‘zbekistonliklarning gazdan qarzi 500 mlrd so‘mdan oshgan. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, iste’molchilar xonadonlarida «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi»ga ulangan 2 milliondan ortiq «aqlli hisoblagichlar» (ASKUE hisoblagichlari) o‘rnatib berilgan.

Zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasi hali o‘rnatilmagan 1,5 million iste’molchilar esa sarflangan gaz uchun eski namunadagi gaz hisoblagichlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lov qilishni davom ettirmoqda.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ayrim iste’molchilar yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni vaqtida amalga oshirmayapti. Natijada esa, iste’molchilar tomonidan katta qarzdorlik yuzaga kelmoqda va qarzga nisbatan vaqtida to‘lov qilinmaganligi sababli penya hisoblanmoqda.

Bugungi kunga kelib 1,2 milliondan ortiq iste’molchining tabiiy gaz uchun 501,6 milliard so‘m miqdordagi debitorlik qarzdorligi mavjud.

«Tez orada butun mamlakatimiz bo‘ylab „aqlli hisoblagichlarni“ o‘rnatish ishlari yakunlanadi. Yangi hisobdonlar ishga tushgach iste’molchiga baribir qarzdorligini qoplashga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, asosiy qarzdorlikni bartaraf etish bilan birga unga nisbatan hisoblangan penyani ham to‘lash talab qilinadi. Aks holda istemolchi gaz ta’minoti tizimidan avtomatik ravishda uzib qo‘yiladi», — deyiladi xabarda.